Jahon | 07:58 / 21.08.2024
13038
5 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirildi

Mer Sergey Sobyanin shaharga kirishda 10 ta dron urib tushirilganini aytgan va buni «Moskvaga hujum qilish uchun eng yirik urinishlardan biri» deb atagan. Bunday hujumlar Rossiyaning boshqa hududlarida ham kuzatilgan.

21 avgustga o‘tar kechasi uchuvchisiz uchish qurilmalar poytaxt Moskvaga va Rossiyaning boshqa regionlariga hujum uyushtirdi.

Moskva shahri meri Sergey Sobyanin telegram-kanalida tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari shahar tomon uchib kelgan o‘nta pilotsiz qurilmani urib tushirgani haqida yozgan. Sobyanin dronlar hujumi haqida soat 03:02 dan soat 04:43 ga qadar vaqt oralig‘ida xabarlar bergan.

Sobyaninning ilk xabarlarida havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva oblasti Podolsk shahar okrugida dronlar hujumini qaytargani aytilgan. «Parchalar tushgan joyda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vayrongarchiliklar va jabrlanganlar yo‘q», — degan Sobyanin. «Bu Moskvaga shu vaqtgacha kuzatilgan dronlar bilan hujum qilishga eng yirik urinishlardan biri bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qilgan Moskva meri.

Rossiyadagi telegram-kanallarda e’lon qilingan bir qancha videoyozuvlarda dronlar urib tushirilishi aks etgan. Hududida dronlar urib tushirilgan Moskva oblasti rasmiylari hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.

Rosaviatsiya xabariga ko‘ra, dronlar hujumi vaqtida Moskvadagi Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida parvozlar xavfsizligi uchun vaqtincha cheklov choralari joriy etilgan, sakkiz samolyot zaxira aerodromlariga yo‘naltirilgan. Hozirda aeroportlar odatiy rejimda ishlamoqda.

Dronlarning «yopirilma» hujumi haqida Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz ham xabar bergan. «Kecha kechqurun va tunda samolyot tipidagi 23 ta pilotsiz uchish apparati tutib olindi va yo‘q qilindi», — deya yozgan u telegram-kanalida. Bogomaz «barcha hujumlar qaytarilgani, jabrlanuvchilar va vayrongarchiliklar yo‘qligi»ni ta’kidlagan.

Kaluga oblasti gubernatori Vladislav Shapsha telegram-kanalida tunda havo hujumidan mudofaa vositalari Bryansk oblasti bilan chegarada uchta dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, dronlar odamsiz hududda yo‘q qilingan. Quruqlikdagi oqibatlar haqida aniqlik kiritilmagan.

Belgorod oblasti ham zarba ostida qoldi, deb xabar qiladi region gubernatori Vyacheslav Gladkov. Tungi soat ikki atrofida u telegram-kanalida Belgorod shahri va Belgorod rayoni uzra Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi «bir necha havo nishonlari»ni urib tushirganini aytgan. Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar va vayrongarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.

Kursk oblasti rahbari Aleksey Smirnov telegram-kanalida tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari region ustida ukrainlarning ikki raketasi va ikki droni urib tushirilgani to‘g‘risida xabar qoldirgan. U ham quruqlikdagi oqibatlarga to‘xtalmagan.

Orlov oblasti ham dronlar hujumiga duchor bo‘lgan. Gubernator Andrey Klichkovning so‘zlariga ko‘ra, region hududi ustida bitta dron urib tushirilgan, shikastlanish holatlari va jarohatlanganlar yo‘q. «Kiyev rejimi provokatsiyasi ko‘p jihatdan qo‘shni oblastlarning chegara hududlaridan ko‘chishga majbur bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashdagi faolligimizga javobdir», — degan Klichkov telegram-kanalida.

RF mudofaa vazirligi tun davomida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning 45 ta pilotsiz uchish qurilmasi urib tushirilganini ma’lum qilgan: 11 tasi — Moskva oblastida, 23 tasi — Bryansk ustida, oltitasi — Belgorod, uchtasi — Kaluga, ikkitasi — Kursk oblasti hududida. Vazirlik Orlov oblastiga hujum haqidagi xabarlarga izoh bermagan.

Shuningdek, Mintaqaviy xavfsizlik vazirligi saytida navbatchi havo hujumidan mudofaa tizimlari Tula oblasti osmonida ikkita dronni yo‘q qilgani aytiladi.

Havo hujumidan mudofaa kuchlari Rostov oblasti g‘arbida Ukraina raketasini urib tushirdi, dedi hudud rahbari Vasiliy Golubev. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar qulashi natijasida qurbonlar va vayronalar yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

Rostov oblastidagi neft bazasida yong‘in kuchaygan

Rostov oblastining Proletarsk shahridagi dizel yonilg‘isi omborida Ukraina droni hujumidan so‘ng boshlangan yong‘in uch kundan buyon davom etmoqda. Yong‘in maydoni sezilarli darajada oshdi va 10 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Proletarskdagi yonilg‘i omborida 18 avgust kuni ertalab yong‘in chiqqandi. Keyingi kuni Proletarskiy rayonida yuqori ogohlantirish rejimi joriy etildi, Proletarskda esa favqulodda holat e’lon qilindi. Keyinroq gubernator Golubev 41 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohatlangani, ulardan 18 nafari kasalxonaga yotqizilishini aytdi.

Mavzuga oid