Jahon | 21:49 / 22.08.2024
6901
2 daqiqa o‘qiladi

Hayvon huquqlari faollari «Bezori-mushuk» zotini boykot qilishga chaqirdi

Tabiatda uchramaydigan, ekstremal va g‘ayritabiiy tana shakliga ega hayvonni sotib olish ularning azobiga sheriklik qilishga tenglashtirilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Turli mamlakatlardagi hayvon huquqlari faollari mushuklarning yangi – Bully Cat (buldog-mushuk, bezori-mushuk) zotini boykot qilishga chaqirdi. Bu haqda Oddity Central xabar berdi.

«Bulli» mushuklarida jun yo‘q, oyoqlari kalta, egri va ajinlar bilan qoplangan. Zoologlar fikricha, bu hayvonlar irsiy mutatsiyalardan aziyat chekadi. Pakanalik bir talay og‘riqlarga, jun yetishmasligi jazirama va sovuqda azobga sabab bo‘ladi. Burmalar va nozik ajinlar tufayli mushuklar infeksiyalarga, teri kasalliklariga va saratonga moyil hisoblanadi. Shuningdek, ularda hayvonlar uchun juda muhim bo‘lgan mo‘ylov yo‘q.

Hayvon huquqlari faollari bunday zotni yetishtirish hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik ekanligiga amin. Shunga ko‘ra, bulli-mushuklarni sotib olganlar ularga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlashi va shafqatsizlikka sheriklik qilishi ta’kidlanmoqda.

«Mushuk yoki it olishni o‘ylayotgan har bir kishiga maslahat - har doim hayvonning farovonligini birinchi o‘ringa qo‘ying. Odatda tabiatda uchramaydigan ekstremal va g‘ayritabiiy tana shakliga ega hayvonni sotib olishdan oldin to‘xtab, o‘ylab ko‘ring», dedi Qirollik veterinariya kolleji doktori Den O'Nil.

Bully Cat zoti bir necha yil oldin Amerikada paydo bo‘lgan va Buyuk Britaniyada eng xaridorgir sanaladi.

Mavzuga oid