Jahon | 12:12 / 22.08.2024
2702
2 daqiqa o‘qiladi

Kursk viloyatidagi saylovlar Ukraina hujumi tufayli qoldirildi

Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi Kursk viloyatining bir qator tumanlarida munitsipal saylovlarni noma’lum muddatga qoldirdi. Mintaqada Ukraina qurolli kuchlarining hujum operatsiyasi davom etmoqda.

Foto: 95th Air Assault Brigade/via REUTERS

Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) Ukraina qurolli kuchlari hujumi davom etayotgan Kursk viloyatining bir qancha viloyatlarida munitsipal saylovlarda ovoz berishni noma’lum muddatga qoldirdi. «Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni saylovchilar xavfsizligi to‘liq kafolatlangan holda qayta tiklanadi», — deyiladi MSK Telegram-kanalida 21 avgust, chorshanba kuni e’lon qilingan bayonotida.

Xabarda aytilishicha, saylovlar yettita munitsipalitetda qoldirildi: Sudja, Glushkovo, Korenev, Belovskiy, Xomutovskiy va Bolshesoldatskiy tumanlari, shuningdek, Lgov shahrida. Kursk viloyatida gubernatorlik saylovlarini hozircha qoldirmaslikka qaror qilindi: muddatidan oldin ovoz berish 28 avgustdan 5 sentabrgacha davom etadi, deya ma’lumot berdi mintaqaviy saylov komissiyasi. 

Ukraina Kurskda 93 ta punkt ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qildi 

Ukraina armiyasining Kursk viloyatidagi keng ko‘lamli hujum operatsiyasi ikki haftadan ko‘proq vaqtdan beri davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 20 avgust kuni Ukraina mintaqadagi 1260 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 93 ta aholi punktini nazorat qilayotganini aytdi. 

«Xavfsizlik zonasini yaratish va Rossiya Federatsiyasi hududidan Sumi viloyatidagi fuqarolik nishonlarini o‘qqa tutishni to‘xtatish, shuningdek, dushmandan oldinga o‘tish uchun Mudofaa kuchlari Kursk yo‘nalishi bo‘yicha hujumkor mudofaani amalga oshirmoqda». - dedi u. 

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain tuzilmalari Rossiya hududiga 28-35 kilometr chuqurlikda kirib borgan.

Mavzuga oid