Xitoy–Markaziy Osiyo munosabatlari. Nozik mavzuda siyosatshunoslar bahsi
Markaziy Osiyoga qo‘shni Xitoy global qudrat markaziga aylangani – mintaqamiz uchun katta iqtisodiy imkoniyat, shu bilan birga, XXRning avtoritar tabiati jiddiy siyosiy risklarni ham kun tartibiga chiqaradi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi sonida MO–XXR munosabatlarining nozik jihatlari tahlil va bahs obektiga aylandi.
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari – iqtisodiy jihatdan, mintaqaning energetik resurslar manbayi ekani, siyosiy jihatdan esa o‘ziga qo‘shni hududda boshqa kuch markazlarining ta’siri ortishi, shuningdek, demokratiya qaror topishiga qarshi turishda namoyon bo‘ladi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning tushuntirishicha, demokratiya, ya’ni xalqning irodasi hokimiyatga chiqishi – Xitoyning uyg‘urlarga qo‘llayotgan agressiv assimilyatsiya siyosatiga nisbatan Markaziy Osiyo hokimiyatlarining befarqligini susaytiradi. Qolaversa, Xitoy odamlar ustidan misli ko‘rilmagan miqyosda raqamli nazorat o‘rnatgan va buni eksport qilayotgan davlat, erkinlik va inson huquqlari ustuvor mamlakatlarda jamiyatlar bunga toqat qilmaydi.
Siyosatshunos Xayrulla Umarovga ko‘ra, Xitoy Markaziy Osiyoga birinchi navbatda xavfsizlik nuqtayi nazaridan qaraydi. Uyg‘ur separatizmi mavjudligidan kelib chiqib, Markaziy Osiyodan panturkizm g‘oyalari kirib borishi mumkinligini e’tiborga oladi va mintaqaga yondashuvining negizida mana shu masala turadi.
XXR Si Jinping 2013 yilda “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini ilgari surdi, Markaziy Osiyo bu loyihada Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi quruqlik yo‘lining markazida turadi. Shu jihatdan, mintaqamizning Xitoy uchun transport koridori sifatidagi ham ahamiyati yuqori, deydi Umarov.
Markaziy Osiyoning Xitoy bo‘yicha manfaatlariga kelsak, bu iqtisodiy omillar bilan bog‘liq. Tarix fanlari doktori, siyosiy fanlar nomzodi Anvar Yo‘ldoshevga ko‘ra, Xitoy – MO davlatlari uchun investitsiya manbayi hisoblanadi. Yevropa Ittifoqidagi ko‘pgina davlatlar investitsiya kiritayotganda turli demokratik shartlar qo‘yadi, Xitoy esa bunday qilmaydi, deydi ekspert.
Iqtisodchi Shuhrat Rasulning fikricha, Markaziy Osiyo xalqlaridagi sinofobiya ko‘p jihatdan miflarga asoslangan. Mintaqaning beshala davlati bilan umumiy ko‘rsatkichlarni olganda ham, Markaziy Osiyo – Xitoyning asosiy savdo hamkorlari qatorida emas. O‘zbekiston va Qozog‘istonning umumiy tashqi qarzlari orasida Xitoydan olingan qarzlar 10-15 foizni tashkil etadi, dedi Shuhrat Rasul.
Kamoliddin Rabbimov va Anvar Yo‘ldoshev esa, real siyosiy risklar borligi va ularni inobatga olish kerak, degan fikrda. Suhbat bilan to‘liq holda video orqali tanishing.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
17:07
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
23:24 / 23.12.2024
Xitoyda murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
22:10 / 23.12.2024