Jahon | 09:14 / 26.08.2024
5432
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Ukraina Kursk viloyatida kamida 247 rossiyalik askarni asirga oldi

The Washington Post gazetasi jurnalistlari Ukraina armiyasining hujumi paytida olingan yuzdan ortiq video va fotosuratlarni o‘rganishdi. Nashrning ta’kidlashicha, asirga olingan rossiyalik harbiylar soni ancha yuqori.

Foto: UNIAN / Vyacheslav Ratinskiy

Kursk viloyatidagi hujum paytida Ukraina qurolli kuchlari kamida 247 nafar rossiyalik askarni asirga oldi, deb yozadi 25 avgust, yakshanba kuni The Washington Post gazetasi 130 dan ortiq fotosurat va videolarni tahlil qilish natijalariga tayanib. Jurnalistlar 6 avgustdan boshlab Ukraina harbiylari tomonidan e’lon qilingan ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni, shuningdek, The Washington Post fotografining asirga olingan rus askarlari saqlanayotgan qamoqxonada suratga olgan kadrlarini jamladi va tasdiqladi. 

Nashr, xususan, rossiyalik harbiy xizmatchilarning ommaviy asirga olinishi ikkita holati haqida ma’lum qildi: kamida 29 askar Kursk viloyati Sudja tumanidagi Sverdlikovo qishlog‘ida va 40 ga yaqini Sudja chegarasi hududida asirga olingan. Shu bilan birga, nashr ta’kidlashicha, o‘rganilgan materiallar - qo‘lga olingan rossiyaliklarning internetda chop etilgan barcha fotosuratlari va videolari emas. Shu munosabat bilan jurnalistlar qo‘lga olinganlarning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

The Washington Post Ukraina shimoli-sharqidagi asirlar olib ketilgan qamoqxona boshlig‘idan iqtibos keltiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 kun ichida qamoqxonadan 320 nafar rossiyalik o‘tgan, ularning 80 foizga yaqini muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar. Nashr tekshirgan yettita videoda mahbuslar o‘zlarini muddatli harbiy xizmatchilar deb atagan. Ukraina va Rossiya rasmiylari Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumi paytida qancha rus askari asirga olingani haqida rasman xabar bermadi. 

Muddatli harbiy xizmatchilarni «115 ga 115» formatida almashish

Bir kun oldin Ukraina va Rossiya «115 ga 115» formatida harbiy asirlarni almashdi - bu Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumi boshlanganidan beri birinchi shunday jarayon. Ikkala tomondan ham muddatli harbiy xizmatchilar ozod qilindi. Ukraina muvofiqlashtirish shtabi aniqlik kiritishicha, ozod etilganlar orasida harbiy dengizchilar, chegarachilar, shuningdek, Mariupolning 82 nafar himoyachisi bor, ulardan 50 nafari «Azovstal»ni himoya qilgan.

«Vajnyye istorii» nashri «Bizning chiqish» harakati ro‘yxati va ochiq ma’lumotlarga asoslanib, almashishdan keyin kamida 19 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi Ukrainada asirlikda qolayotganini aniqladi. Yana 66 nafari bedarak yo‘qolgan.

Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumidan ikki oy oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy asirlar sonini aytgandi: xalqaro OAV bilan muloqot chog‘ida u Ukrainada asirlikda 1348 nafar rossiyalik, Rossiyada esa 6465 nafar ukrainalik borligini bildirdi.

Mavzuga oid