O‘zbekiston | 17:18 / 27.08.2024
11305
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlarga “aql o‘rgatgan” sud raisi jazosiz qoldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi S.Sodiqov “qishloqliklar”ni haqorat qilgan ayolga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rilishidan oldin OAV vakillari bilan muloqot qilib, qanday jazo qo‘llanishini oldindan ma’lum qilib qo‘ygandi. Sud raisiga nisbatan tayinlangan xizmat tekshiruvi unga ogohlantirish qo‘llash bilan tugadi.

Foto: Videodan kadr

Sudyalar Oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida OAVdagi xabarlar qisman tasdig‘ini topgan.

Ya’ni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi S.Sodiqovning ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rilishidan oldin OAV vakillari bilan muloqot qilgani sudlar faoliyati haqida turli noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Sudyalar odobi kodeksiga ko‘ra, sudya har qanday vaziyatda sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shart.

Xizmat tekshiruvi natijalari Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’ati majlisida muhokama qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi S.Sodiqov kelgusida shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa, intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirish berilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, sud raisining boshqa sudya ish yurituvidagi ma’muriy ishga aralashgani tasdig‘ini topmagan.

S.Sodiqov “qishloqlik”larni haqorat qilgan qizga nisbatan ko‘rilayotgan ishda sud zaliga kelib, hali ko‘rib tugallanmagan ish bo‘yicha qamoq jazosi berilmasligini aytgandi.

Agar buni hozir qamaydigan bo‘lsak, bunga ham teskari qarashi mumkin xalqimiz. Shuning uchun sizlarga bog‘liq, sizlar to‘g‘ri yoritib bersanglar tushunadigan qilib... Hamma tushunsin-da nega qamamayotganimizni. 41-moddada faqat jarima. Ham bu uyda gapiryapti-da, ko‘chada emas. Ko‘chada gapirganida boshqa gap edi. Va yana bitta asosiy narsasi, 3 yoshgacha bolasi borlarga, I va II guruh nogironlariga sud ma’muriy jazo sifatida qamoq jazosi berolmaydi”, degan sud raisi jurnalistlarga qarata.

Sudyalar oliy kengashi holatga rasmiy munosabat bildirib, sud raisining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid