Jahon | 16:52 / 28.08.2024
11084
4 daqiqa o‘qiladi

Burkina-Fasoda harbiylar uchun xandaq qaziyotgan odamlarga hujum qilindi

Terrorchilar yuzlab odamlarni o‘ldirgan.

Barsalogu shahri yuqoridan ko‘rinishi. Foto: AFP / Scanpix / LETA

Burkina-Fasoda yuzlab kishilar terrorchilar hujumi oqibatida halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi va RFI radiostansiya manbalar hamda guvohlarga tayanib.

Hujum 24 avgust kuni Burkina-Fasoning markaziy qismidagi Barsalogu aholi yashash manzili hududida ro‘y bergan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 500 dan oshadi. Agentlik buni «Al-Qoida» va IShID terrorchi tashkilotlariga aloqador guruhlar qariyb 10 yil muqaddam Malidan Burkina-Fasoga bostirib kirganidan buyon kuzatilgan «eng ajalvor hujum» deb atagan. 

RFI Burkina-Faso xavfsizlik xizmatidagi manbaga asoslanib, terrorchilar shaharni jangarilar hujumidan himoya qilish uchun transheya va xandaqlar qaziyotgan odamlar ustiga bostirib kelgani haqida xabar bergan. Qurbonlar orasida tinch aholi vakillaridan tashqari harbiylar ham bor. Radiostansiyaning 24 avgust kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. 

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Burkina-Fasoda hokimiyatni egallab olgan harbiy xunta 24 avgust kuni Barsalogu aholisini shahar atrofida jangarilar hujumidan himoyalanish uchun okoplar qazishga yuborgan. Hujum vaqtida, transheyalar qazilayotgan ko‘chada yuzlab odamlar bo‘lgan. «Bu haqiqiy qirg‘in edi», — degan agentlik suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar shu atrofda o‘tin yig‘ayotgan ayollarni ham o‘qqa tutgan.

Barsaloguda yashovchilarning qarindoshlari hujum oqibatida kamida 400 kishi halok bo‘lgani, yana yuzlab kishilar yaralangani haqida aytishgan. Ular harbiy xuntani aholini okop qazishga majburlash, bunga rozi bo‘lmaganlarni kaltaklashda ayblagan.

Qurbonlarning aniq soni ma’lum emas. Jangari guruhlardan hech biri hujum uchun javobgarlikni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z zimmasiga olmadi. Shu bilan birga, 24 avgust kuni «Al-Qoida»ga aloqador bo‘lgan «Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin» guruhi Barsaloguda armiya shtabi egallangani to‘g‘risida banot bergan.

Jangarilar 2015 yildan Burkina-Fasoda harakatlana boshlagan. 2022 yilda mamlakatda ikki bor davlat to‘ntarishi amalga oshirildi, natijada Burkina-Fasoni endi kapitan Ibragim Traore rahbarligidagi xunta boshqarmoqda. 2024 yil martida so‘nggi yillarda Burkina-Faso, Niger va Malida hokimiyatni o‘z qo‘liga olan harbiylar jangari guruhlarga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha kelishib olgandi, qayd etish kerakki, aynan shunday guruhlarning hujumlari ushbu mamlakatlarda to‘ntarishlar va hokimiyat o‘zgarishiga olib kelgandi.

BBC News so‘nggi oylarda Niger, Mali va Burkina-Fasodagi harbiy rejimlar «tobora yaqin ittifoqchilar»ga aylanayotganini qayd etgan. 2023 yil sentabrida ular Sahel davlatlari alyansi nomini olgan o‘zaro mudofaa paktini tuzishgan. Uchala mamlakat ham ko‘p yillar mobaynida mintaqada jangarilarga qarshi kurashish uchun harbiy kontingentini saqlab turgan Fransiya bilan aloqalarni uzgan va «Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlay boshlagan».

Mavzuga oid