Sport | 13:53 / 29.08.2024
2253
17 daqiqa o‘qiladi

Palmerdan Meynugacha: APL klublarining «javohirlar»i

Angliya Premer-ligasining bu mavsumi har yili kuzatilganidek ko‘plab yosh yulduzlarni dunyo futboliga taqdim etmoqda. Har bir klubda dunyo darajasidagi noyob topilmalar borki, ular dunyoning eng kuchli chempionatiga qo‘shimcha intriga baxsh etadi. Quyida har bir APL klubining eng umidli futbolchilari haqida so‘z yuritamiz.

«Arsenal» — Iten Nvaneri

Yoshi: 17

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

U-17 jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlariga qarshi o‘yini bilan o‘zbek futbolining ziyrak muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Iten 15 yoshida APLda debyut qilib, rekord o‘rnatgandi. Hamon asosiy tarkibda stabil o‘rin topa olmaganiga qaramay, «to‘pchilar»ning o‘z tarbiyalanuvchisidan umidlari katta. Angliyada unga «Chelsi» qiziqayotgani haqida mish-mishlar yuribdi, ammo ishonchli manbalarning ta’kidlashicha, «Arsenal» yosh futbolchisi bilan 18ga to‘lishi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzish bo‘yicha kelishib qo‘ygan.

«Heyl End» dunyo futboliga Harri Keyn, Serj Gnabri, Bukayo Saka, Emiliano Martines va boshqa ko‘plab yulduzlarni yetishtirib bergan. Nvaneri ham yuqoridagi yuqoridagi top-futbolchilar yo‘lidan ketmoqda.

«Aston Villa» — Jon Dyuran

Yoshi: 20

Pozitsiyasi: hujumchi

MLSdan 18 mln funtga futbolchi xarid qilish holati kamdan kam uchraydi, ammo Dyuran o‘tgan mavsum davomida beqarorlik bilan bo‘lsa-da, ushbu katta xarajat sabablarini «kichik chaqnash»larida ko‘rsata oldi. «Liverpul»ga qarshi «Villa Park»da o‘tgan bellashuvdagi dubl fikrimizga isbot bo‘lishi mumkin.

Uning iqtidoridan boshqa klublar ham xabar topgan. Xususan, «Vest Hem» uni o‘z hujum markazidagi uzoq vaqtli beqarorlikni hal qilishi mumkin bo‘lgan talant sifatida ko‘radi. O‘z faoliyatining cho‘qqisida bo‘lib turgan Olli Uotkins bilan raqobat sabab zahirada qolib ketishi ehtimoli Dyuranni Birminghemni tark etishga undashi mumkin. Dyuran ketgan taqdirda, o‘tgan mavsum «Barselona» bilan kurashda yutib olingan Jyeyden Filojin yoki mavsumoldi yig‘inlarda klubning asosiy e’tibor markaziga aylangan Morgan Rojyers ham uning o‘rnini bosishi mumkin.

«Bornmut» — Aleks Skott

Yoshi: 20

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

«Bornmut»ni 25 mln funtga futbolchi sotib olishini doim ham ko‘ravermaysiz, ammo «olcharanglar» bilan yangi g‘oyalar asosidagi jamoani qurmoqchi bo‘lgan Andoni Iraola Aleks Skottni shu narxga loyiq ko‘radi. U bugungi kungacha Angliyaning turli yoshlardagi jamoalarida 24 ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurgan. Aynan shu bahslar va «Bristol Siti»dagi harakatlari uning texnikasi yuqori, maydonni ko‘ra oladigan futbolchi ekanligini isbotlagan. Uning hujumdagi mahorati himoyalanishdagi foydali ish koeffitsientiga qo‘shilib, universal yarimhimoyachi profilini yaratadi: o‘tgan mavsumda u har 90 daqiqa hisobidan o‘rtacha 2,1 ta muvaffaqiyatli podkat va 1,1 ta yakkama-yakka kurashda raqibdan to‘pni olib qo‘yishni uddalagan.

«Brentford» — Fabiu Karvalyu

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

Tomas Frank — iqtidorlarni topib, ularni katta futbolga o‘tkazishni qoyillatadigan mutaxassis. Portugaliyalik futbolchi esa «Liverpul»da o‘z o‘rnini topolmadi va ijarada yurishdan charchadi. London klubiga uning transferi 27,5 mln funtga tushganidan ham Karvalyuni Mersisaydda qanday qadrlashganini bilib olsa bo‘ladi.

U allaqachon «arilar» safidagi debyutini o‘tkazishga ulgurdi, ammo uning oldida asosiy tarkibdan muqim joy egallash vazifasi turibdi, zero «Brentford»da ham u uchun boshlang‘ich tarkib kafolatlanmagan.

«Brayton» — Yankuba Minte

Yoshi: 20

Pozitsiyasi: hujumchi

«Chag‘alaylar» so‘nggi yillarda dunyoning turli burchaklaridan iqtidorlarni topib kelib, ularni Premer-liga darajasidagi futbolchilarga aylantirishmoqda. Gambiyalik hujumchi «Feyyenoord»dagi ijarasida 10 ta gol urgan bo‘lsa-da, «Nyukasl»da asosiy tarkibga kira olmadi. Mavsumoldi yig‘inlarda esa u «Brayton»da o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi va o‘ziga sarflangan 30 mln funtga yaqin mablag‘ni oqlashga qodirligini isbotladi. Endi bularni APLda ham namoyish etish mas’uliyati turibdi.

«Chelsi» — Koul Palmer

Yoshi: 22

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

Londonliklar safida Palmerdan ham yosh futbolchilar o‘ynamoqda, ammo ularning asosiy tarkibdagi o‘rni kafolatlanmaganidek, klubda qolishi ham so‘roq ostida. O‘tgan mavsumdagi kutilmagan transferidan so‘ng angliyalik futbolchi 42ta uchrashuvda ishtirok etib, 27 ta gol va 15 ta assist muallifiga aylandi. Ushbu raqamlar haqli ravishda unga Angliya futbol yozuvchilari uyushmasining «Eng yaxshi yosh futbolchi» sovrinini olib keldi. Yarimhimoyachi yangi murabbiy Mareskaning ham jamoadagi asosiy quroliga aylanishi kutilmoqda va «Vulverhempton»ga qarshi bahsdagi 1+3 ko‘rsatkichi fikrimizni isbotlamoqda.

«Kristal Pelas» — Mateus Fransa

Yoshi: 20

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

London klubini Braziliya iqtidorlar bozorining doimiy xaridorlaridan deb bo‘lmaydi. Ammo 20 yoshli Mateus Fransaning transferiga 26 mln funt-sterling sarflashgani barchaning e’tiborini tortdi. «Flamengo»dagi 2 yillik faoliyati bilan «burgutlar»ni shunday katta xarajat qilishga majbur qilgan yarimhimoyachi o‘tgan mavsum 10 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Oliver Glasner odatda tajribali futbolchilarga tayanadigan londonliklarni o‘zgartirish payida.

«Everton» — Jyerred Brentueyt

Yoshi: 22

Pozitsiyasi: himoyachi

Jyerred bir necha yil avval Frenk Lempard qo‘l ostida «mersisaydlikolar safiga yorib kirgandi. Lekin o‘shanda murabbiy uni rivojlanishi uchun PSVga ijaraga berib yuborgandi. Niderlandiyadagi faoliyati himoyachiga rosmana foydali bo‘ldi va endi u «Everton»da nafaqat eng yaxshi yosh futbolchi, balki Shon Daych qo‘l ostidagi tarkibda eng yaxshisi bo‘lishga nomzod.

Yoz davomida uning Angliya grandlaridan biri, xususan, «Manchester Yunayted»ga o‘tishi kutilgandi. Ammo Liverpul klubi uni kamida yana bir mavsum olib qolishga qaror qildi.

«Fulhem» — Jyey Stensfild

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: hujumchi

Harvi Elliot, Fabiu Karvalyu, Eberechi Eze, Rayan Sessenyon, va Musa Dembele so‘nggi yillarda «Fulhem» akademiyasidan chiqqan iqtidorlarning ayrimlari, xolos. Jyey Stensfild ushbu ro‘yxatni muvaffaqiyatli davom ettira oladigan futbolchidek ko‘rinmoqda.

Tivertonda tug‘ilgan futbolchi ikki mavsum avval Marku Silva qo‘l ostida bir nechta o‘yinda ishtirok etgan va keyingi mavsumda «Birminghem»ga ijaraga berib yuborildi. Quyi ligada u 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol urishga erishdi. Portugaliyalik murabbiy undan ushbu mavsumda foydalanishi kutilmoqda yoki uning keyingi ijaraga ketadigan jamoasi yuqori divizion klubi bo‘ladi.

«Ipsvich Taun» — Liem Delap

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: hujumchi

«Manchester Siti» akademiyasi tarbiyalanuvchisi o‘z klubida o‘ringa ega bo‘la olmadi. Dunyoning eng yaxshi straykerlaridan biri bo‘lgan Erling Holandning yaqin orada manchesterliklarni tark etish niyati yo‘qligini hisobga olgan holda, Delapning «shaharliklar» safini tark etish qarori tushunarli.

O‘tgan mavsumni «Hall Siti»da ijarada o‘tkazgan Liem 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urishga erishdi. Mavsum debyutanti «Ipsvich» u kabi bir nechta yosh futbolchilarni xarid qildi va ushbu iqtidorlar ularni Premer-ligada olib qolishidan umid qilmoqda.

«Lester» — Abdul Fatavu

Yoshi: 20

Pozitsiyasi: hujumchi

«Brayton»dan ijaraga o‘tgan Fakundo Buonanotte ancha iqtidorli futbolchi sifatida Premer-ligada tanilishga ulgurgan bo‘lsa-da, «tulkilar» muxlislari huquqiy jihatdan o‘z klublariga tegishli ganalik hujumchining porlashiga ko‘z tikishgan. Fatavu o‘tgan mavsum Chempionshipda 40 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 6 ta gol, 13 ta assist amalga oshirib, klubining APLga qaytishiga katta hissa qo‘shdi. Fatavuning yuqori diviziondan endi tushib kelgan «Sauthempton»ga qarshi bellashuvda qayd etgan het-trik va bitta assisti ko‘pchilikning e’tiboriga tushgandi.

«Liverpul» — Harvi Elliot

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

Yurgen Klopp balki atayin yoki ko‘plab jarohatlar sabab o‘tgan mavsumda Harvi Elliot xizmatlariga ko‘proq murojaat qilgandi (27 marta). Shu bilan bir qatorda 21 yoshli futbolchining asosiy tarkibga integratsiyasi ham juda yaxshi kechganini e’tirof etish kerak. Yarimhimoya va hujum qanotida u darhol elita darajasidagi o‘yin ko‘rsata boshladi, futbolchining jismoniy ko‘rsatkichlari ham «Liverpul» uslubiga xos gegenpressingga to‘g‘ri kelmoqda.

Harvining eng katta foydalaridan biri — Muhammad Saloh Afrika Millatlar Kubogiga ketgan paytda uning o‘rnini yopa olgani. Arne Slot undan qay yo‘sinda va qanchalik foydalanishi mavhum, ammo futbolchi niderlandiyalik murabbiy qo‘l ostida ham yo‘qolib qolmasligiga ishonch bor.

«Manchester Siti» — Oskar Bobb

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: hujumchi

Oskarni yangi topilgan iqtidorlar safiga qo‘sha olmaymiz, ammo hech kim uning bir mavsum avval trebl yutgan jamoada o‘z o‘rniga bu qadar tez ega chiqishiga ishonmagani tabiiy. Kutilmagan jarohat uning faoliyatiga ta’sir qilmasa, u qaytgach Gvardiolaning tezkor rotatsiyaga asoslangan uslubining bir qismiga aylana oladi. Boisi, uning jarohatigacha hech qanday transferga qo‘l urmagan «shaharliklar» Bobb oyog‘ini sindirib olgach, darhol hujumkor yarimhimoyada o‘ynay oladigan Gundo‘g‘an bilan shartnoma tuzishdi.

Ammo Pep yangi transfer siyosatiga o‘tayotgan «Siti»da Oskar Bobb, Jyeyms Makeyti, Riko Lyuis kabi akademiyadan chiqqan iqtidorlarga tayanib mavsumga kirmoqda.

«Manchester Yunayted» — Kobbi Meynu

Yoshi: 19

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

APLdagi debyutini 2 mavsum avval Erik ten Hag qo‘l ostida o‘tkazgan Kobbi dastlabki mavsumida barcha musobaqalarda jami 3 ta bellashuvda maydonga tushdi. Ammo o‘tgan mavsum u o‘z pozitsiyasiga transfer qilingan va ijaraga olib kelingan akalarini uyaltirib qo‘yadigan darajada zo‘r o‘ynab, 35 ta bahsda maydonga tushdi.

19 yoshli futbolchining butun maydon bo‘ylab qiladigan ishlari ko‘lami aqlbovar qilmas darajada. Uning mehnati munosib qadrlanib, yozda Garet Sautgeyt tomonidan Yevropa chempionatiga jalb qilindi.

«Nyukasl» — Lyuis Mayli

Yoshi: 18

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

2023 yil mayida U-17 Yevropa chempionati uchun milliy jamoadan chaqiruv olgan futbolchini Eddi Hau qo‘yib yubormagan va Premer-liganing yakuniy turlarida unga imkon bermoqchiligini aytgandi. Darhaqiqat, murabbiy so‘nggi turlarda yosh futbolchiga asosiy jamoada imkon berdi. O‘tgan mavsumda esa yarimhimoyachi barcha musobaqalarda 30 ta o‘yinda qatnashdi va ular orasida Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi har uchala raqibga qarshi bahslar ham bor.

«Nottinghem Forest» — Elliot Anderson

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

«Nyukasl» tizimidan APLga kirib kelgan bir paytda Elliot Andersondan ko‘p narsa kutilgandi, ammo u «zag‘izg‘onlar» tarkibida o‘z o‘rnini topa olmadi. Shotlandiya yoki Angliya o‘rtasida tanlov qilishi kerak bo‘lgan futbolchi «Nottinghem Forest»ga ko‘chib o‘tdi va endi Eshpiritu Santu qo‘l ostida asosiy tarkib futbolchisiga aylanishga harakat qilib ko‘radi.

«Sauthempton» — Teylor Hervud-Bellis

Yoshi: 22

Pozitsiyasi: himoyachi

«Manchester Siti» akademiyasidan yetishib chiqqan navbatdagi iqtidor egasi, ammo u ham asosiy tarkibga kirish ehtimolining pastligini sezgan holda o‘ziga yangi klub topdi. Ungacha ham bir nechta ijara shartnomalaridan o‘tgan himoyachi Martin Rassell jamoasida asosiy tarkibdan o‘rin olib, «avliyolar»ning Angliya top divizioniga qaytishiga yordam berdi. Endi Teylorning iqtidori elita futbol hujumchilariga qarshi bellashuvlarda sinovdan o‘tadi.

«Tottenhem» — Archi Grey

Yoshi: 18

Pozitsiyasi: yarimhimoyachi

«Tottenhem» yozgi transferlar davomida, asosan, yosh futbolchilarni xarid qilishga e’tibor qaratdi va ular orasida muxlislar tomonidan eng ko‘p gapirilayotgani «Lids»dan Londonga ko‘chib o‘tgan Archi Greydir. Otasi Endi, bobosi Frank va amakisi Eddi ham futbolchi bo‘lgan Archining o‘tgan mavsumda «Elland Roud»da amalga oshirgan ishlari tahsinga sazovor. 18 yoshli futbolchi «tovuslar» safida 52 ta uchrashuvda ishtirok etdi va mavsum yakunida Chempionshipning eng yaxshi yosh futbolchisi, deya e’tirof etildi.

Uning tayanchda Bissuma-Bentankur juftligiga yorib kirishi, o‘tgan mavsum bir qancha o‘yin o‘tkazgani o‘ng qanot himoyasida Pedro Porroni yengib chiqishi qiyin bo‘lsa-da, ularga ishonchli o‘rinbosar bo‘la olishi aniq.

«Vest Hem» — Krisensio Sammervill

Yoshi: 22

Pozitsiyasi: hujumchi

Xulen Lopetegi qo‘l ostidagi «Vest Hem» dastlabki yozgi transferlar kampaniyasini ancha faol o‘tkazdi. Ular orasida eng qiziqarlilaridan biri «Lids»dan xarid qilingan Krisensio Sammervill bo‘ldi. O‘tgan mavsumni Chempionshipda o‘tkazgan futbolchiga Premer-liga begona emas va ispaniyalik murabbiy qurmoqchi bo‘lgan yangi uslubning asosiy qismlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. 2-divizionda o‘tkazgan 43 ta o‘yinida 19 ta gol va 9 ta assist qayd etgan futbolchidan «bolg‘achilar»ning umidlari katta.

«Vulverhempton» — Rodrigu Gomesh

Yoshi: 21

Pozitsiyasi: hujumchi

«Vulverhempton» va Portugaliya futboli bog‘lami allaqachon klubning an’analaridan biriga aylanib ulgurdi. Ushbu diyordan yosh iqtidorlarni Premer-ligaga olib kelib, ko‘p o‘tmay grandlarga sotish ortidan «bo‘rilar» mo‘maygina daromad ishlab olishmoqda. O‘tgan mavsumni «Eshtoril»da ijarada o‘tkazgan «Braga» futbolchisi 30 ta uchrashuvda 7 tadan gol va uzatmani hisobiga yozdirib qo‘ygandi. «Molinyu»da hujumchilar masalasidagi yetishmovchiliklar Rodriguga o‘zini ko‘rsatishga to‘liq imkon taqdim etadi.

«Squawka» ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Mavzuga oid