Shveytsariya yangi AESlar qurilishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkin
2019 yilda Shveytsariya atom energiyasidan voz kechish jarayonida 47 yil davomida foydalanib kelingan Myuleberg AES faoliyatini to‘xtatgan edi.
Shveytsariya Federal kengashi ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlashda yuzaga kelgan muammolar fonida 2018 yildan yangi atom elektr stansiyalarini qurishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda mamlakat hukumatining bayonotida so‘z boradi.
Shveytsariya Federal kengashi jamoatchilik tomonidan ilgari surilgan «Elektr energiyasi barcha uchun va har doim» tashabbusini bee’tibor qoldirmadi. Unda «iqlim uchun xavfsiz elektr energiyaning» har qanday turini ishlab chiqarishga ruxsat berilishini konstitutsiyaga belgilab qo‘yish taklif etilgan.
Hukumat avvaliga Shveytsariya konstitutsiyasi «keng diversifikatsiya qilingan energiya ta’minotini» ko‘zda tutmasligini bildirib, tashabbusni rad etgan. Shu bilan birga, rasmiylar «uzoq muddatli energiya ta’minoti xavfsizligini ta’minlash uchun» o‘z taklifini ishlab chiqqan. Uning doirasida yangi AESlarni qurishga ham ruxsat beriladi.
«Yangi atom elektr stansiyalarini qurish borasidagi taqiq texnologik ochiqlik maqsadlariga muvofiq emas, shuningdek, amalda foydalanilayotgan stansiyalarning ishdan chiqish xavfi mavjud», — deyiladi Shveytsariya hukumati bayonotida.
Hukumat o‘z takliflarini 2024 yil oxiriga qadar tayyorlaydi, 2025 yil mart oyida esa maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tadi va shundan keyin parlament jamoatchilik tashabbusini ham, unga qarshi ilgari surilayotgan takliflarni ham ko‘rib chiqadi.
Shveytsariyaning yadroviy energetikadan voz kechish borasidagi qarori 2017 yilda o‘tkazilgan referendum orqali qo‘llab-quvvatlangan. O‘shanda hukumatning quyosh, shamol va gidroenergetikani rivojlantirishga subsidiyalar ajratish borasida rejalari ham bor edi.
2019 yilda Shveytsariya atom energiyasidan voz kechish jarayonida 47 yil davomida foydalanib kelingan Myuleberg AES faoliyatini to‘xtatgan edi. Mamlakatda hozirda to‘rtta AES ishlab turibdi — Shveytsariyadagi jami generatsiyaning uchdan bir qismi ular hisobiga to‘g‘ri keladi.
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urushdan keyin mamlakatda energiya resurslari narxi oshib ketdi va AESlarni qaytarish masalasi kun tartibiga qaytdi. Shveytsariya yozda gidroenergetikaga umid qilgandi, ammo yilning boshqa fasllarida elektr energiyani boshqa davlatlardan, avvalo Fransiyadan import qilishga majbur bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
22:47 / 07.12.2024
Yaponiyada «Simane» AESining ikkinchi reaktori qayta ishga tushirildi
17:46 / 30.11.2024
Mislsiz radiatsiya va qurbonlar: Chernobil fojiasi qanday sodir bo‘lgandi?
11:40 / 19.10.2024