O‘zbekiston | 07:28 / 30.08.2024
8462
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qismi ochildi 

Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan qismida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent halqa yo‘li poytaxtning eng uzun va keng ko‘chasi. Faqat uning Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga — kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi.

Davlat rahbari bu yerga kelib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

O‘ziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.

Ko‘chaning Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi. Mamlakatda ilk bor qo‘llangan bu usulning afzalligi ko‘p. Xususan, uning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati esa yuz yildan ortiq. O‘tkazgichni ta’mirlash ishlari ham ancha arzon tushadi.

Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetoforlar o‘rnatildi. O‘n uchta bekat qurildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.

Bu yo‘l poytaxt va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bog‘laydi. So‘nggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qo‘llandi. Yo‘lning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.

Prezident yangi yo‘l va inshootlar Mustaqillik bayramiga tuhfa ekanini ta’kidlab, xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladigan bunday qurilishlar davom ettirilishini bildirdi.

Mavzuga oid