Jahon | 23:05 / 31.08.2024
3948
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 1,8 mingga yaqin maktab Starlink orqali internetga ulandi

Bugungi kunda mamlakatdagi 1757 ta maktabda Starlink sun’iy yo‘ldoshli internet tarmog‘i o‘rnatilgan, buning natijasida ulanish tezligi uch barobarga oshgan.

Foto: Getty Images

Qozog‘iston hukumati SpaceX kompaniyasining Starlink terminallari yordamida deyarli 1,8 ming maktabni internetga uladi, deb xabar beradi Report.az.

«Raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda 1757 ta maktabda Starlink sun’iy yo‘ldoshli internet tarmog‘i o‘rnatildi, buning natijasida ulanish tezligi uch barobarga oshdi. 122 ta maktabda internet tarmog‘iga ulanish ishlari tugallanmoqda. Shu bilan birga barcha darsliklarni raqamlashtirish yakunlangan bo‘lib, o‘quvchilar 11 ta platforma orqali ularning elektron versiyasidan foydalanishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

Qozog‘iston hukumatining matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda mamlakatdagi 15 universitetda Generative AI dasturi doirasida 12 ming talaba uchun sun’iy intellekt bo‘yicha Google kurslari ham o‘qitiladi. Shu bilan birga, Google for Education pilot loyihasida ikkita oliy ta’lim muassasasi ishtirok etadi.

Starlink internet qimmat yoki umuman mavjud bo‘lmagan joylarda yuqori tezlikdagi internetga kirishni ta’minlash uchun SpaceX tomonidan joylashtirilgan global sun’iy yo‘ldosh tizimi hisoblanadi. 2024 yil fevral oxirlarida Qozog‘istonga Starlink tizimining dastlabki 500 ta to‘plami yetib kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘shanda ushbu qurilmalar qishloqlardagi 2 mingta maktabni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashi aytilgan edi.

Mavzuga oid