Jahon | 12:18 / 05.09.2024
17331
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinda asteroid qulab tushdi (video)

Olimlar asteroidni atmosferaga kirishidan atigi sakkiz soat oldin payqashgan.

Foto: Videodan kadr

4 sentabr kuni asteroid soatiga 39 000 milya (1 milya – 1,609 km) tezlik bilan atmosferani yorib o‘tib, portladi va Filippin hududiga quladi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Mahalliy aholi asteroid qulashini kuzatgan. Osmon jismining dastlabki surat va videolari u havo bo‘shlig‘iga kirganidan 20 daqiqa o‘tgach e’lon qilindi. Odamlar kosmik obektning qulashini suratga olgan. Kadrlarda asteroid hatto Oydan ham yorqinroq ko‘rinadi.

Olimlar asteroidni atmosferaga kirishidan atigi sakkiz soat oldin payqashgan. U Yer bilan to‘qnashishdan oldin aniqlangan to‘qqizinchi kosmik obekt bo‘ldi. Unga 2024 RW1 deb nom berildi.

Yevropa kosmik agentligi asteroidning o‘lchami taxminan 1 metr ekanini ta’kidladi. Hajmi kichikligi sabab u Yer bilan to‘qnashganda hech qanday zarar keltirmadi. Asteroid Luzon oroli yaqiniga qulashi kutilgan.

“Hozirgi kunda yiliga kamida bittadan kichik asteroidni atmosferaga kirishidan oldin aniqlayapmiz. Bu kuzatuv tizimlarining tobora takomillashib borayotganidan dalolat beradi”, — deya ta’kidlaydi Yevropa kosmik agentligi.

Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, “bu kashfiyot aslida ajoyib yangilik! Bu sayyorani himoya qilish imkoniyatlarimiz yaxshilanayotgani belgisidir”.

Umuman olganda, kosmik obektlar Yer bilan tez-tez to‘qnashib turadi. Biroq ularning hammasi ham atmosferadan o‘tib, xavf tug‘dirishga qodir emas.

Avvalroq Xitoylik olimlar Yerni xavfli asteroid zarbalaridan himoya qilishning yangi usulini topgandi. Ularning ta’kidlashicha, asteroidlarning Yer bilan potensial to‘qnashuvi yuz berishi mumkin bo‘lgan ayrim vaziyatlarda faqatgina yadro quroli falokatning oldini olishga yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid