O‘zbekiston | 07:42 / 07.09.2024
2649
3 daqiqa o‘qiladi

Avgustda havo harorati o‘rtacha yillik qiymatlardan biroz yuqori bo‘ldi 

O‘zbekistonda 2024 yilning avgust oyi birinchi yarmi juda iliq kechib, me’yordan o‘rtacha 2-3,5 darajaga yuqori bo‘ldi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ushbu davrda kunduz kunlari havo harorati +36...+41 darajagacha, janubda +42...+43 darajagacha, eng chekka janubda ayrim kunlarda +45 darajagacha ko‘tarildi. Markaziy va janubiy hududlarda +40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar soni so‘nggi 10 yil ichida, ayniqsa respublikaning eng chekka janubida o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ldi. Biroq juda yuqori harorat qiymatlari avgust oyida kuzatilmadi. 

Oyning ikkinchi yarmida yaqinlashib kelayotgan kuzning xabarchisi sifatida O‘zbekiston hududi bo‘yicha bir qator salqin havo kirib kelishi kuzatildi. O‘zbekistonning barcha hududlarida harorat foni me’yorgacha pasaydi. Kunduzgi havo harorati asosan +29...+34 daraja, janubda +35...+38 daraja atrofida bo‘ldi. Harorat eng salqin bo‘lgan kechalarda +14...+17 darajagacha pasaydi.

Avgust oyida o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha yillik qiymatlardan 1-2 darajaga yuqori bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida 2024 yil avgust oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq avgust oylari uchligiga kirdi.

Avgust oyi quruq bo‘ldi. Yomg‘ir juda kam yog‘di — hududning katta qismida 1 kundan 3 kungacha bir oz yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi, oylik yog‘ingarchilik miqdori 1-2 mmni, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida 3-5 mmni, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida 9-10 mmni tashkil etdi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ham yomg‘ir kam yog‘di, ammo yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘ldi. Oylik yog‘ingarchilik miqdori 6-11 mmni, Toshkent viloyatining baland tog‘larida va Qamchiq dovoni hududida 19 mmni tashkil etdi. Respublikaning janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarida oy davomida yomg‘ir umuman yog‘madi. 

Oy davomida respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, Ustyurtda ba’zi joylarda shamolning kuchayishi ba’zida 20-25 m/s ga yetdi. Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda shamolning kuchayishi chang-to‘zonlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 800 mgacha yomonlashdi.

Ushbu yilda avgust oyi me’yordan 1-2 darajaga iliqroq bo‘lib, O‘zbekiston hududining katta qismi bo‘yicha esa 2021 va 2023 yillarning yozgi mavsumlari bilan bir qatorda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi.

Mavzuga oid