Jamiyat | 21:25 / 08.09.2024
5502
4 daqiqa o‘qiladi

Dardni yengishda bolalarga ko‘makchi - "Mehrli maktab"ga Samira bilan sayohat

Qahramonimiz Samira Idrisova 16 yoshda. U bemorligi sabab ayni paytda Respublika bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanmoqda. Kasalxona qoshida tashkil etilgan "Mehrli maktab" rassomchilikka qiziqadigan Samiraning ham ijodini yuksaltirish, ham salomatligini tiklashida beqiyos o‘ringa ega bo‘lyapti.

Samira Idrisova, 16 yosh. O‘z oldiga qo‘ygan ambitsiyalari baland bo‘lgan bu qiz 2023 yilning yanvar oyidan buyon respublika bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanib kelmoqda.

Kun.uz muxbiriga u kasallikni yengib o‘tishda ruhiy kuch va insonlar bilan muloqot muhimligi, ichki kechinmalari, qiziqish va maqsadlari, “Mehrli maktabdagi” darslar haqida so‘zlab berdi.

Samira “Zamin” fondi loyihasi doirasida tashkil etilgan O‘zbekistondagi ilk gospital ta’lim muassasasi – “Mehrli maktab” o‘quvchisi. Sog‘ligidagi muammolarga qaramay, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga chanqoq, izlanuvchan, o‘z bilganlarini tengdoshlariga ulashishdan charchamaydigan tabassumli qiz.

Har doim optimistik ruhda fikrlashga harakat qilaman. Kayfiyatim yaxshi bo‘lmagan paytlarda holatdan chiqib ketish uchun komedik janrdagi kinolarni ko‘raman. Kayfiyatingizni ko‘tarib turmasangiz kasallik yengib qo‘yishi mumkin. Muolajalarni olish vaqtida boshqa bolalar yig‘lab, xarxasha qilsa, men bu jarayonni oddiy tarzda pozitiv o‘tkazaman. Onam aytganidek, "kasalimga paxta qo‘ymayman", – deydi u.

Samira ustozlari va do‘stlari bilan videoqo‘ng‘iroqlar orqali gaplashib turishini, tezroq sog‘ayib ketish uchun muloqotni muhim omil deb hisoblashini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, kasalxonada tashkil etilgan “Mehrli maktab”dagi muhit, darslar va turli tadbirlar yosh rassom qizga katta kuch bag‘ishlaydi.

Bu yerda o‘qituvchilar juda mehribon. Tushunmagan narsalarimizni qunt bilan, bittalab o‘rgatishadi, palatamizga kulib kuzatib qo‘yishadi. Ulardan katta energiya olamiz. Maktabda o‘qiyotgan vaqtlarim rasm chizishga qiziqar edim. Bu yerdagi ustozlarim tasviriy san’at sir-asrorlarini chuqurroq o‘rgatishmoqda”, – deydi Samira.

Samira Xitoydagi nufuzli oliygohlardan birining talabasiga aylanish, ingliz, xitoy, turk, arab tillarini o‘rganishni maqsad qilgan. U “Mehrli maktab”da birga o‘qigan do‘stlarining sog‘ayib ketganidan kuchli quvvat olishini, hayotda bo‘lgan qiziqishlari yanada ortishini aytadi.

Kasalxonada Alibek ismli o‘rtog‘im bor edi, u yaqinda tuzaldi va uyiga qaytdi, kasallikni yengdi, Alibekning sog‘ayishi menga katta motivatsiya berdi. Bu yerdan ko‘pchilik tuzalib chiqib ketadi, ularga qarab havas qilaman va o‘zimga “ular uddalagan narsani nega men qila olmayman, men ham, albatta, sog‘ayaman”, degan so‘zlar bilan kuch beraman, umidimni so‘ndirmayman”, – deydi u.

Mavzuga oid