Sport | 19:48 / 10.09.2024
3610
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 43 futbolchi kelishilgan o‘yinlar uchun umrbod diskvalifikatsiya qilindi

Bunday jazoga tortilganlar orasida terma jamoaning uch nafar sobiq futbolchisi, shuningdek, Janubiy Koreya terma jamoasining sobiq futbolchisi ham bor.

Foto: AFP

Xitoy futbol assotsiatsiyasi (CFA) kelishilgan o‘yinlarda va noqonuniy pul tikishda ayblangan 38 nafar futbolchi va besh nafar amaldorni umrbod futboldan chetlatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ikki yillik tergov 41 futbol klubi ishtirokida 120 ta kelishilgan o‘yinni aniqladi, dedi Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi vakili Chjan Syaopen. Xabarda bu o‘yinlarning qayerda o‘tkazilganiga aniqlik kiritilmagan.

Umrbod diskvalifikasiya qilinganlar orasida Xitoy terma jamoasining uch nafar sobiq a’zosi Jin Jingdao, Guo Tianyu va Gu Chao, shuningdek, «Shandong Taishan» jamoasida o‘ynagan janubiy koreyalik futbolchi Song Jong Xo ham bor.

Chjan Syaopen so‘zlariga ko‘ra, bundan tashqari, 44 kishi poraxo‘rlik, qimor o‘yinlari va noqonuniy ravishda kazino ochgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, yana 17 kishi poraxo‘rlik va kelishilgan o‘yinlarda ayblangan.

CFA prezidenti Son Kay so‘zlariga ko‘ra, ulardan 43 nafari futbol bilan bog‘liq faoliyatdan umrbod chetlashtirilgan, yana 17 nafari esa besh yilga diskvalifikatsiya qilingan.

Fevral oyida Xitoy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Li Te korrupsiya va kelishilgan o‘yinlarda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Mavzuga oid