O‘zbekiston | 23:58 / 11.09.2024
15560
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi restoranlardan birida ommaviy zaharlanish yuz berdi

Toshkentdagi “Muhteshem Doner” restoranida ommaviy zaharlanish yuz bergani aytilmoqda. 23 nafar jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Pixabay

Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilardan biri bu hodisa 5 sentabr kuni sodir bo‘lganini aytdi. Ular ovqatdan zaharlanish belgilari bilan 6 sentabr kuni Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga yotqizilgan. 

“Ishxonamiz shu atrofda bo‘lgani uchun 5 sentabr kuni tushlik qilgani “Muhteshem Doner” restoraniga 6 nafar hamkasbim bilan birga chiqdik. O‘sha kuni kechga borib birin-ketin hammamizning ahvolimiz yomonlasha boshladi. Holsizlanish, ko‘ngil aynishi bilan boshlanib, qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ldi. Ketma-ket qayt qila boshladim va 41 daraja isitma holatida shifoxonaga keldim. 6 kishidan 5 nafarimiz hozir kasalxonadamiz. Bir nafar hamrohimiz biz iste’mol qilgan sousdan yemagan edi. Unda bu holat kuzatilmadi”, dedi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan bemorlardan biri.

Vaziyat yuzasidan Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov shunday izoh berdi: 

“Joriy yilning 5-6-7 sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar shaxslar, shulardan 22 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra ularning barchasi 2024 yilning 5 sentabr kuni MChJ “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni iste’mol qilganliklari ma’lum bo‘ldi. Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 11 sentabr 18:00 holatiga ularning 11 nafariga uylariga ruxsat berilgan. Qolgan bemorlar davolash muolajalarini olishmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda hamda bir-ikki kun ichida qolgan bemorlarga ham uylariga ruxsat berish rejalashtirilmoqda. Jabrlanganlar orasida kafe xodimlari ham bor.

Bugungi kunga kelib “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda”, dedi u.

Ayni paytda restoran faoliyati to‘xtatilgan. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan.

Mavzuga oid