Rossiya va Ukraina asirlarini almashdi
Ukrainaga qaytganlar orasida azovchilar hamda qrimlik Leniya Umerova ham bor. Rossiya asosan Kursk oblastida asir tushgan yosh askarlarini qaytarib olgan.
Rossiya va Ukraina «49 ga 49» formulasi bo‘yicha navbatdagi asirlar almashinuvini o‘tkazdi, bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy xabar bergan. Ukrainaga qaytarilganlar orasida — Qrimdan bo‘lgan, 2022 yilda Rossiya va Gurjiston chegarasida josuslikda gumonlanib qo‘lga olingan Leniya Umerova ham bor.
Rossiya almashuv doirasida qaytargan 49 nafar harbiy xizmatchining aksari Kursk oblastida asir tushgan muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlardir, deb yozadi «Xochu jit» proyekti. Rossiya tomoni hozircha bu jarayon bo‘yicha rasman xabar bermagan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga mamlakat qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari, Milliy gvardiya, Milliy politsiya, chegara xizmati xodimlari, shuningdek, tinch aholi vakillari qaytarilgan.
«Ukraina qahramoni, harbiy shifokor Viktor Ivchuk ham uyda», — deyiladi Zelenskiyning telegram-kanaliga qo‘yilgan xabarda. 2022 yil bahorida, Rossiya armiyasi Mariupolni qamal qilgan chog‘da, Ivchuk harbiy hospitalga rahbarlik qilgan hamda asir tushgandi.
Shuningdek, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «„Azovstal“ mudofaasida qatnashganlarning ham bir qismi» — «Azov» polki janchilari bo‘lgan erkaklar va ayollarni ham ozod etishga muvaffaq bo‘lingan.
«Bular asosan ayollar», — deya qayd etgan «Azov» patronaj xizmati rahbari Yelena Tolkacheva.
Bunga qadar azovchilar ishtirok etgan so‘nggi eng yirik almashuv bir yildan ortiqroq vaqt oldin — 2023 yil iyulida ro‘y bergandi.
Ukrainaga qaytganlar orasida — qrimlik Leniya Umerova ham bor, 2022 yil dekabrida Rossiya-Gurjiston chegarasidagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tishda rossiyalik chegarachilar tomonidan qo‘lga olingandi. U Qrimga bemor otasini ko‘rish uchun borgandi. O‘shanda uni Rossiya chegarasini kesib o‘tish qoidalarini buzishda (Ma’muriy kodeksning 18.1-moddasi, 1-qismi) ayblab qamoqqa tashlashadi. Birinchi ma’muriy muddat yakunlangach, unga yana to‘rt marta 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashadi — «politsiya xodimi talabiga bo‘ysunmagani uchun».
2023 yil mayida Umerovaga nisbatan josuslik bo‘yicha ayblov qo‘yiladi (Jinoyat kodeksi 276-moddasi), shundan buyon u tergov izolyatorida saqlanayotgandi. Uning ishi maxfiylashtirilgandi.
Ukraina ombudsmeni Dmitro Lubinets bu Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘tkazilgan 56-asirlar almashuvi bo‘lganini qayd etgan, bu almashinuvlar doirasida Ukrainaga 3,5 mingdan ortiq kishi qaytgan.
Avvalgi asirlar almashuvi avgust oyi oxirida ro‘y bergandi. O‘shanda har ikki tomon 115 nafardan ortiq odamini qaytarib olgandi. Almashuv Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida amalga oshirilgan.
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024