Jahon | 13:50 / 17.09.2024
2619
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissar Breton fon der Lyayyenning bosimi tufayli YeKni tark etdi

Fransiyalik yevrokomissar Terri Breton yangi Yevropa komissiyasi tarkibiga kirishdan bosh tortdi, chunki idora rahbari Ursula fon der Lyayyen Parijdan uning nomzodini almashtirishni talab qildi.

Foto: OLIVIER HOSLET / EPA

Yevropa Ittifoqida Fransiyadan komissar Terri Breton yaqin kunlarda a’zolari nomi ma’lum qilinadigan yangi Yevropa komissiyasi (YeK) tarkibiga kirmasligini aytdi. Qarorga sabab uning Yevrokomissiya raisi, Germaniya vakili Ursula fon der Lyayyen bilan mojarosi, deb xabar qildi 16 sentabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ichki bozor bo‘yicha Yevropa komissari.

Bretonning so‘zlariga ko‘ra, fon der Lyayyen bir necha kun avval Fransiya hukumatini Yevrokomissiyaning yangi tarkibini shakllantirish jarayonida nomzodini qaytarib olishga majburlash choralarini ko‘rishga chaqirgan. Shu bilan birga, u Parijga Fransiyaning yangi vakiliga YeIda Breton egallagandan ko‘ra ko‘proq nufuzli lavozimni taqdim etishni taklif qildi, deyiladi Breton X'da e’lon qilingan Yevrokomissiyadan iste’foga chiqish to‘g‘risidagi maktubda.

Breton fon der Lyayyenning harakatlari «shaxsiy sabablar» bilan bog‘liqligini va u bilan muhokama qilinmaganligini ta’kidladi. Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yangi YeK tarkibiga Breton nomzodini ilgari surgan edi.

Fransiya TIV rahbari Sejurne nomzodini yevrokomissar lavozimiga taklif qildi

Bretonning yangi Yevrokomissiyaga a’zo bo‘lishdan bosh tortgani haqidagi bayonotidan so‘ng Fransiya uning o‘rniga tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurneni taklif qildi. Fransiyaning amaldagi tashqi ishlar vaziri Yevropa komissari lavozimiga Yevropa ishlariga faol aralashgani uchun mos keladi, deya ma’lum qildi Yelisey saroyi. Sejurne Bryusselda «sanoat suvereniteti va Yevropa raqobatbardoshligini» himoya qiladi, deyiladi bayonotda.

YeK yangi tarkibi yozda bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamentini shakllantirish jarayonidan so‘ng shu haftada e’lon qilinadi. Iyul oyi o‘rtalarida yevropalik parlamentariylar o‘zlarining birinchi sessiyasida Yevropa institutlari yuqori lavozimli amaldorlarini tayinlashni ma’qulladilar. Xususan, Germaniya konservativ Xristian-demokratik ittifoqi vakili fon der Lyayyen ikkinchi muddatga Yevropa komissiyasi rahbari etib qayta saylandi.

Mavzuga oid