O‘zbekiston | 16:25 / 19.09.2024
7780
4 daqiqa o‘qiladi

«Sudga ijtimoiy bosimning oldini olish uchun jarayon yopiq o‘tkazilyapti» – Sudyalar oliy kengashi Aziz Voitov ishi haqida

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va yana 49 sudlanuvchiga doir ko‘rilayotgan jinoyat ishiga tomonlardan biri jurnalistlar kiritilmasin, deya iltimosnoma kiritgan. Sudyalar Oliy kengashi mas’uli Tursunali Akbarovning ma’lum qilishicha, taraflar o‘rtasidagi muhokamadan so‘ng ish jarayonida sizib chiqadigan turli ma’lumotlar sud ishiga ijtimoiy bosim paydo qilishi oldini olish uchun sudya jarayonni yopiq tarzda o‘tkazish haqida ajrim chiqargan.

Foto: Daryo

19 sentabr kuni AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishi yopiq ko‘rilayotgani haqida savol berildi. Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning ma’lum qilishicha, sud majlisida jurnalistlar ishtiroki bo‘yicha ajrim - taraflarning fikrini olgan holda chiqarilgan.

«Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va u bilan yana 49 sudlanuvchining ishi ko‘rib chiqilishiga doir ishda dastlab ochiq sud majlisi bo‘lgan va jurnalistlar unda qatnashgan. Jurnalistlarning ishtiroki bo‘yicha taraflarning fikrini olgan holda sud ajrim chiqargan. Birinchi ajrim mazmunida jurnalistlarning ishtirokiga hech qanday monelik yo‘q bo‘lgan. Faqat ular ish qurollaridan foydalanishi – video-foto va ovoz yozib olishi sudda raislik etuvchining roziligi bilan amalga oshiriladi, deyilgan edi. Bu qonunda ham bor.

Tursunali Akbarov, Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Foto: AOKA

Chunki JPK talablaridan kelib chiqilsa, jarayonni ommaga yoritishda, ochiqlikni ta’minlashda, albatta, taraflarning fikri inobatga olinadi. [O‘sha sudda] ayrim sudlanuvchilar va ularning advokatlari jarayonni tasvirga olishga o‘zlarining e’tirozlarini bildirgan, shundan kelib chiqib taqiq qo‘yilgan. Sudni yopiq o‘tishiga keladigan bo‘lsak, keyingi sud majlisida sudlanuvchilardan birining advokatidan iltimosnoma tushgan. Unda sud yopiq tarzda ko‘rilsa, jurnalistlar kiritilmasa, degan iltimosnoma kiritildi. Bu ham taraflar o‘rtasidan muhokama qilindi. Ish ko‘rish jarayonida har-xil ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlar sizib chiqadigan bo‘lsa va har xil muhokamalar bo‘lsa, bu sud ishiga muayyan ta’sir o‘tkazishi yoki sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo bo‘lishi oldini olish maqsadida sud jarayonini yopiq tarz o‘tkazish haqida ajrim chiqarildi.

Ajrimdan norozi taraflar yuqori sud instansiyasiga murojaat qilishi mumkin. Bu sudyaning protsessual harakati bo‘lib, unga sudyalar oliy kengashining baho berishga vakolati yo‘q.

Bu yerda faqat sobiq vazirning ishi ko‘rilmayapti, 50 kishi bor. Ularning hammasi yakdil ish ochiq ko‘rilsin, demayapti. Agar sudning bu ajrimidan norozilik bo‘lsa, yuqori turuvchi sudga umumiy qaror ustidan protsessual shikoyat beriladi», – deya Sudyalar Oliy kengashi mutasaddisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

5 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid ishni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.

Ushbu sud ishida dastlab jurnalistlarga foto va videoga olish, keyinroq butunlay sud majlisini yoritish taqiqlandi. Antikorrupsiya agentligi mazkur ishda sud majlislari ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Mavzuga oid