Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasi qurilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida axborot berildi.
Qayd qilinishicha, avvalo, yig‘ilishda ommaviy sportni va olimpiya harakatini yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari tomonidan sport turlari bo‘yicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi.
Misol uchun, Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika bo‘yicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjud. Lekin vakillarimiz ularda 5 va 4 ta yo‘llanma bilan qatnashdi, xolos. Tennis, o‘q otish, gimnastika, velosport bo‘yicha federatsiyalar ham, sharoit ham bor. Yunon-rum kurashi, ot sporti, qilichbozlik, eshkak eshish bo‘yicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarini ham rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Mazkur sport federatsiyalari ishini jonlantirish, o‘quv-mashg‘ulotlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Olimpiya va paralimpiya harakati ommaviy sportdan kuch olishi ta’kidlanib, mahallalarda seleksiya ishlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni professional etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
2025 yil O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Toshkentda Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Osiyo o‘yinlaridan so‘ng, Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun «Aqlli shahar» konsepsiyasiga asoslangan ma’muriy boshqaruv tashkil etiladi. U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.
Xokkeyni rivojlantirish, keyinchalik Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasini qurish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari aholini jimoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
14:20 / 21.12.2024
RF atletlariga neytral maqomda OO‘ga yo‘llanma olish uchun ruxsat berildi
15:24 / 04.12.2024
Sport odamlar umrini besh yilga uzaytirishi mumkin - tadqiqot
15:25 / 21.11.2024
Hatto sport yordam bermasligi mumkin: uzoq vaqt o‘tirish yurak kasalliklari xavfini oshirishi aniqlandi
14:36 / 07.11.2024