O‘zbekiston | 08:50 / 20.09.2024
4112
1 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi ikki bankni javobgarlik choralari to‘g‘risida ogohlantirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov topshiriqnomalarini yuborishda muammolar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Soliq qo‘mitasi bunga munosabat bildirdi.

Foto: Soliq qo‘mitasi

Sentyabr oyida ayrim tijorat banklari yangi axborot tizimidan foydalanishga o‘tgan va bu haqda Soliq qo‘mitasini xabardor qilmagan. Bank dasturchilari yangi tizimga o‘zgartirishlar kiritayotgani sababli ba’zi to‘lov topshiriqnomalari bajarilmagan.

Xususan, shu oy boshidan Tenge bank 2 439 ta topshiriqnomadan 413 tasini va Kapitalbank 4 287 ta topshiriqnomadan 740 tasini bajarmasdan qaytargan.

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan har ikkala bank kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va buning uchun Soliq kodeksida belgilangan javobgarlik choralari to‘g‘risida rasman ogohlantirildi.

Mavzuga oid