Jahon | 13:10 / 20.09.2024
3367
4 daqiqa o‘qiladi

Wildberries hamasoschisi Bakalchuk qotillikda ayblanmoqda

Vladislav Bakalchuk qotillik, qotillikka urinish, huquq-tartibot idorasi xodimini o‘ldirishga urinish va o‘zboshimchalik bo‘yicha ayblanmoqda, deb yozadi OAV.

Foto: Telegram / WBakalchuk

Wildberries kompaniyasi asoschisi Vladislav Bakalchuk Moskvadagi «Romanov dvor» biznes markazidagi marketpleys ofisida yuz bergan otishma tufayli qo‘lga olindi. Forbes 19 sentabr, payshanba kuni tadbirkorning advokatlariga tayanib xabar berishicha, unga qotillik, qotillikka urinish, huquq-tartibot idorasi xodimini o‘ldirishga urinish va o‘zboshimchalik ayblovlari qo‘yilgan.

«Bir kun avval Bakalchukni huquq-tartibot idoralari suhbatga chaqirishdi, u 48 soatga qo‘lga olindi», — deya aniqlik kiritdi Forbes Telegramʼda. Keyinchalik sud unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlashi ko‘rsatilgan.

Ayni paytda, «Izvestiya» gazetasi tergovga yaqin manbasiga tayanib, Wildberries ofisidagi otishma bo‘yicha yana olti nafar ayblanuvchiga ayblov qo‘yilganini yozmoqda. Ularning ism-shariflari ochiqlanmagan.

Bakalchukning advokatlari bayonoti matni The Bell internet nashri tomonidan Telegramʼda e’lon qilingan. Boshqa narsalar qatorida, unda aytilishicha, «Wildberries matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va ular tomonidan aytilgan faktlarning hech biri hujjatlashtirilmagan».

«Qotillik ayblovlari bema’ni, chunki Vladislav Sergeyevich va uning hamkasblari korporativ nizoni hal qilish uchun oldindan kelishilgan uchrashuvga borishgan», — deya ta’kidlaydi Bakalchukning advokatlari.

Moskvadagi Wildberries ofisida otishma

«Romanov dvor» biznes markazi Moskva markazida, Kremldan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. 18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan otishmada ikki qo‘riqchi halok bo‘lgan. Voqeadan so‘ng Rossiya axborot agentliklari uch kishi, jumladan ikki politsiyachi jabrlangani haqida xabar berdi.

Shu kuni ertalab Wildberries RBK agentligiga «ofisga noqonuniy kirishga urinish bo‘lganini» aytdi. Wildberries egasi Tatyana Bakalchukning eri Vladislav Bakalchuk buni qo‘riqlash xizmati bilan amalga oshirishga harakat qildi. O‘zining Telegram-kanalida kompaniya egasi voqeani «reyderlik egallab olinishiga urinish» deb atadi.

Wildberries'ga egalik qilish uchun Bakalchuklar o‘rtasidagi ziddiyat

Vladislav va Tatyana Bakalchuk o‘rtasida ajrashish jarayoni bir necha oydan beri davom etmoqda. Ushbu fonda Wildberries Russ reklama kompaniyasi bilan «raqamli savdo platformasini yaratish» uchun hamkorlik qilmoqda. RBK yozganidek, qo‘shilish natijasida «RVB» yuridik shaxsi paydo bo‘ldi, uning 65 foizi «Vayldberriz» MChJga va 35 foizi Russ egalik qiluvchi «Stinn» MChJga tegishli.

Vladislav Bakalchuk kompaniyalarning birlashishini reyderlik deb atadi va u biznes boshqaruvidan chetlashtirilganini aytdi. 2024 yil iyul oyida u Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashdi va Wildberries «ochiq va shafqatsiz reyderlikka» uchraganini aytdi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Tatyana Bakalchuk «reyderlar tomonidan eri va yetti farzandidan ajratib qo‘yilgan». «Er-xotinlar bir-birlarini ko‘rish va hech bo‘lmaganda nima bo‘layotganini muhokama qilish imkoniga ega emaslar», deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida va Bakalchukka yordam va’da qildi. Tatyana Bakalchukning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries va Russ birlashishi oldindan rejalashtirilgan va eri Vladislav bilan kelishilgan.

Mavzuga oid