O‘zbekiston | 15:36 / 20.09.2024
39557
6 daqiqa o‘qiladi

“Yigitlarni o‘limning og‘ziga olib borishgan” – M25 konida halok bo‘lganlarning yaqinlari

17 sentabr kuni Boysundagi M25 konida sodir bo‘lgan avariya 4 kishini hayotdan olib ketdi. Marhumlarning yaqinlariga ko‘ra, konning boshqa quduqlarida ishlovchi xodimlar o‘sha kuni tozalash ishlarini bajarish uchun “og‘zi yopilgan” quduqqa jalb qilingan. Kutilmagan avariya esa halokatli yakunlangan. Boysunda bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri marhumlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

M25 konida avariya sodir bo‘lishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va 11 kishi jarohatlangandi. Kun.uz muxbiri baxtsiz hodisada halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Marhumlarning yaqinlari bu halokatda texnik nosozlik deyilgani bilan mas’ullarning ham aybi borligini, ishchilarni bir necha kun o‘tmasdan “zalivka” qilingan quduq yoniga olib borishganini aytishmoqda.

Jumladan, marhumlardan birining qarindoshi Salomat Tangirqulova shunday deydi:

Birinchi portlash 1 sentabrda bo‘ldi. Hammamiz uyda edik. Kechqurun qishloqdan chiqib ketinglar, degan xabar keldi. Shaharga chiqib ketdik biz. Keyin yopildi degan xabar keldi. 17 sentabr kuni esa birdan qarsillagan ovoz eshitildi. Tez yordam mashinalari o‘ta boshladi.

Turmush o‘rtog‘im xavotirga tusha boshladi. Men unga xavotirga tushmaslikni, jiyani boshqa “burovoy”da ishlashini aytdim. Yo‘q, negadir xavotirga tushdim, dedi.

Yigitni shu kuni tozalashga olib borgan ekan. Keyin qo‘shnim qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘imni bir kishi so‘rayotganini aytdi. U kishi xo‘jayinimga jiyanining ahvoli og‘ir ekanligini, tez borishini ma’lum qildi.

Turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim shoshib chiqib ketishdi. Borishsa allaqachon morgga olib ketishgan ekan. Shunday qilib kechasi olib kelishdi. Yigitni bizga ko‘rsatmadi, bosh tomonida jarohati bor ekan. Kiyimlari botqoq ekan. Qanday botqoq bo‘lgan u yerda, bilmadim.

Texnik nosozlik deyishgani bilan o‘sha yerdagi mutaxassislarning ozroq aybi bo‘lgan. Bugun yopilgan “burovoy”ning ostiga shuncha yigitni o‘limning og‘ziga olib borganday bo‘lganda.

Ikki yil oldin hamma birlashib, uylantirgandik. Xotini ikkinchi farzandiga homilador edi.

Bu yigitning onasining nolasiga chidash qiyin: gaz bir tomon, onaning nolasi bir tomon bo‘lib turibdi. Birovga yomon gapiradigan bolalar emasdi.

Kecha janozaga viloyat, tuman hokimliklaridan, Eriell kompaniyasidan ham bo‘lsa kerak, odamlar kelishdi. Aniq summa aytishmadi, bolalarning ta’minotini qilib beramiz, deyishdi. Kompensatsiya haqida boshqa gap bo‘lgani yo‘q. Yosh yigitlarning jonini hech narsaga almashib bo‘lmaydi.

Shu 15 kunda ham xavotirda yashadik. Kechqurun sirena chalinadi, tez chiq deydi, chiqarib kollejlarga olib borib qo‘yyapti. Endi bularning ham yordami shu. Men bular yoki boshqalarni yomonlamoqchi emasman. Lekin qish kelyapti, mana. Yana chiq deyishsa qayerga boramiz? Uy-joy masalasi yoki qishloqning qiynalganligi haqida hech kim gapirmayapti. Juda qiyin, o‘z uying - o‘lan to‘shaging, degan gap bor”.

Salomat Tangirqulovaning qo‘shimcha qilishicha, Boysunda qish sovuq keladi. Hozir qishloqning aksariyat aholisi shaharda, qolganlari Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchiga ketgan ekan. Odamlar qishda qayerga borishga hayron, shu sababli ular ofat bartaraf etilishidan umid qilmoqda.

M25 konidagi avariyada Xolto‘ra Almardanov ham to‘ng‘ich farzandidan ayrildi. U konda 3 yildan buyon ishlayotgan bo‘lgan.

Gaz chiqib ketib, ancha kun yopa olishmadi, 15-kun “zalivka” qilishdi. Yopildi, bo‘ldi, deyishdi. Men bittasiga “Bu “zalivka”dan keyin kamida 15-20 kun kutishlaringiz kerak, chunki u “burovoy”ning ichida qotyapti, uning oldida ishlatmanglar”, dedim. Mening o‘g‘lim boshqa “tochka”da ishlardi. Tozalash uchun olib borib ishlatishgan. “Zalivka”si urib, 4 odam vafot etdi. 4 kundan keyin uyga qaytayotganida shu ahvol bo‘ldi.

4 farzandi bor, men qanday boqaman ularni? Eng kichigi endi yuryapti. Mana, uy-joyni o‘zimiz qilganmiz amallab, lekin oyligini 5 oydan beri olgani yo‘q. Nafaqat mening farzandim, hammasi. Bugun uchinchi kun, qanday turganimni o‘zim bilaman.

Bu yerda yashash noma’lum bo‘lyapti. Ularning o‘zlari ham tushunishmayapti, imkoningiz bo‘lsa ko‘chib keting deyishyapti. Qayerga ko‘chib ketaman, qayerga boraman men?” deydi marhumlardan birining otasi Xolto‘ra Almardanov.

Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida halok bo‘lganlarning oilalarini pudratchi tashkilot qaramog‘iga olishini bildirgandi. “Pudratchi tashkilot ularning farzandlarini voyaga yetkazib, o‘qitib, kompaniyada kafolatlangan ish bilan ta’minlashgacha zimmasiga olgan”, degandi vazir.

Mavzuga oid