O‘zbekiston | 13:08 / 21.09.2024
2285
2 daqiqa o‘qiladi

Senat Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyasini ratifikatsiya qildi

Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga doir xalqaro hujjat – ish joyida yoki ish vaqtida xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan talablarni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Foto: Senat.uz

21 sentabr kuni Senatning 57-yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Konvensiya shu kunga qadar 75 ta davlat, shu jumladan, MDH a’zolari Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarboyjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyada mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Senatorlar O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, milliy mehnat qonunchiligining xalqaro mehnat standartlariga javob berishini hisobga olgan holda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish maqsadga muvofiq ekanini qayd etgan.

“Ta’kidlanganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi”, — deyiladi Senat axborotida. 

Mavzuga oid