Jahon | 16:57 / 22.09.2024
4809
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda ko‘mir konida portlash ro‘y berdi. O‘nlab kishilar halok bo‘lgan

Eron sharqida joylashgan Janubiy Xuroson viloyatidagi Tabas shahri yaqinida ko‘mir konida gaz portlashi kamida 51 kishini hayotdan olib ketdi, 20 kishi yaralangan, deb xabar bermoqda mahalliy davlat nashrlari.

Foto: Videodan kadr

Hodisa 21 sentabr kuni kechqurun Madanjo kompaniyasiga tegishli konda ro‘y bergan, avariya qamrab olgan B va C bloklari 250 metr chuqurlikda va 700 metr uzunlikda joylashgan.

Qutqaruv ishlariga yuzdan ortiq kishi jalb etilgan.

30 kilometr kvadrat maydonni egallagan Tabas ko‘mir havzasi 75,2 mlrd tonna koks va energetik ko‘mir zaxiralariga ega bo‘lib, Eronning ko‘mirga eng boy va yirik hududi sanaladi.

«Mamlakatdagi ko‘mirning 76 foizi shu hududda qazib olinadi va bu hududda 10 ga yaqin kompaniya, jumladan Madanjo ham ish olib boradi», degan yakshanba kuni Janubiy Xuroson viloyati gubernatori Ali Akbar Rahimiy.

B blokida qutqaruv amaliyoti yakunlandi. Bu yerda bo‘lgan 47 ishchidan 30 nafari halok bo‘lib, 17 nafari yaralandi, degandi avvalroq gubernator.

C blokida amaliyot boshlandi. Blokda metan zichligi yuqori va amaliyot 3-4 soat vaqt oladi, deya qo‘shimcha qilgan u.

Portlash vaqtida bloklarda jami 69 kishi bo‘lgan, deya xabar bergan davlat televideniyesi.

«17 nafar yarador shifoxonaga yetkazildi, 24 kishi hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda», deya xabar bergandi avvalroq Erondagi Qizil xoch jamiyati.

Prezident Ma’sud Pizishkiyon qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan. «Men vazirlar bilan gaplashdim va biz masalaga oydinlik kiritish uchun barcha ishni qilamiz», degan u.

Mavzuga oid