Jahon | 14:30 / 24.09.2024
3368
3 daqiqa o‘qiladi

Krasnoyarsk o‘lkasida to‘rt bola zaharlanishdan vafot etdi

Olti kishidan iborat oila mahalliy do‘kondan sotib olingan tovuq va chuchvara yeganidan keyin zaharlangan. Tergov kimyoviy zaharlanish ehtimolini ham o‘rganmoqda.

Foto: Rossiya Tergov qo‘mitasi

Krasnodar o‘lkasida to‘rt bola — Krasnaya Sopka poselkasidan bir oila a’zolari zaharlanish natijasida vafot etdi. Oxirgi farzand - 12 yoshli qiz 23 sentabr, dushanba kuni vafot etdi. Bolalarning ota-onalari og‘ir ahvolda hamon reanimatsiyada qolmoqda, deya xabar bermoqda «Interfaks» o‘lka prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib.

Zaharlanish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Krasnoyarsk o‘lkasi va Xakasiya Respublikasi bo‘yicha bosh tergov boshqarmasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar ishlab chiqarish yoki sotish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ota-ona va to‘rt nafar bola zaharlangan

Bayonotda ta’kidlanganidek, 21 sentabr kuni ertalab Krasnaya Sopka qishlog‘idagi olti kishilik oilaning barcha a’zolarida zaharlanish belgilari paydo bo‘lgan, shundan so‘ng ular shifoxonadan tibbiy yordam so‘rashgan. «Sog‘lig‘ining keskin yomonlashishi natijasida ikki nafar bola — 6 yoshli qiz va 13 yoshli o‘g‘il kasalxonada vafot etdi», — deyiladi idora xabarida.

Qolgan oila a’zolari Krasnoyarskdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Bir kundan keyin yana bir bola — 11 yoshli qiz vafot etdi.

Tergov versiyalari — oziq-ovqatdan zaharlanish va kimyoviy zaharlanish

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar noma’lum zaharli modda ta’siridan vafot etgan. Tergov versiyalaridan biri — oziq-ovqatdan zaharlanish. «Bir kun avval butun oila mahalliy do‘kondan sotib olingan tovuq va chuchvara yegan», — deyiladi Tergov qo‘mitasi boshqarmasi xabarida. Tergov doirasida jabrlanuvchilar sotib olgan oziq-ovqat do‘konining egasi so‘roq qilingan, savdo maydoni va uy ham ko‘zdan kechirilgan. Tovarlar ekspertiza o‘tkazish uchun olib qo‘yildi.

Bundan tashqari, mahalliy Telegram-kanallarning xabar berishicha, tergov kimyoviy zaharlanish versiyasini tekshirmoqda. Oilaning uyidan o‘g‘it va pestitsidlar topilgan. "Sibirskiy ekspress" Telegram-kanaliga ko‘ra, ona to‘qqiz oylik homilaga ega bo‘lgan.

Mavzuga oid