Isroil aviatsiyasi Livanni bombalashni davom ettirmoqda
Hujum qurbonlari soni 560 dan oshgan. TsAHAL Bayrutga yo‘llangan zarba oqibatida «Hizbulloh»ning raketa kuchlari qo‘mondoni halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Isroil armiyasi 24 sentabr kuni, qatorasiga ikkinchi kun Livan bo‘ylab yopirilma zarbalarni amalga oshirdi, TsAHAL bu hujumlar nishoni «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan obektlar sanalishini bildirgan. Livan poytaxti Beyrut ham aviazarbalar ostida qolgan.
Isroil mudofaa armiyasi hisobotida Beyrut bo‘ylab aniq zarbalar natijasida «Hizbulloh»ning harbiy qanoti yetakchilaridan biri, guruhning raketa kuchlari qo‘mondoni Ibrohim Al-Kubaysiy halok bo‘lgani aytilgan. TsAHAL matbuot xizmati zarba kelib tushgan vaqtda uning yonida harakatning «boshqa muhim komandirlari» ham bo‘lgani haqida xabar bergan. Isroillik harbiylarga ko‘ra, Al-Kubaysiy «ko‘p yillar davomida Isroil fuqarolari ustiga raketa yog‘dirish» hamda «ko‘p sonli terrorchilik hujumlari»ni rejalashtirishga mas’ul bo‘lgan.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi esa Beyrut bo‘ylab zarba oqibatida olti kishi halok bo‘lgani, 15 kishi yaralangani haqida xabar bergan, ammo ularning qanchasi «Hizbulloh» azolari ekaniga aniqlik kiritilmagan. Guruhning o‘zi ham zarba yuzasidan izoh bermagan.
O‘z navbatida, 24 sentabr kuni «Hizbulloh» ham Isroil tomon 270 raketa uchirgan. Hayfa, Nazaret, Tsfat va boshqa shaharlarda raketa xavfi to‘g‘risida sirenalar yangragan. Vayrongarchiliklar haqida xabar qilinmagan, bir necha kishi jarohatlangan.
TsAHALdagilar bombalashning ikki kuni davomida 200 ta turli joyda «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan 1500 nishonga hujum qilingani — 400 ta raketa uchirish qurilmasi va qurol omborlari bo‘lgan 70 ta bino zarbaga yo‘liqqanini ma’lum qilgan. Isroil armiyasi «Hizbulloh» infratuzilmasini butkul yo‘q qilib, «[Isroil] shimolidagi xavfsizlikni ta’minlash» uchun zarba yo‘llashda davom etishni va’da qilgan.
Livandagi vaziyat BMT Bosh assambleyasining Nyu Yorkda davom etayotgan sessiyasida muhokama qilindi. Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon hamjamiyatini «eskalatsiya yuzasidan xavotir bildirish»ga va Livan «ikkinchi G‘azoga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik»ka chaqirgan. AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bombalashni boshlagani fonida ham diplomatik yechim borligi va «hech kim keng ko‘lamli urushdan manfaatdor emasligi»ni ta’kidlagan.
Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an esa Isroilning G‘azodagi va Livandagi harakatlarini keskin tanqid qilib, «insoniyat 70 yil muqaddam Hitlerni to‘xtatgani kabi Netanyahu hamda uning qotillar to‘dasini ham to‘xtatish»ga chaqirgan. «Biz hozirgi sharoitda [Isroilni tiyib turish uchun] kuch ishlatish masalasini ko‘rib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz», — degan Turkiya prezidenti.
Isroil hafta boshida Livan hududini keng ko‘lamli bombardimon qilishni boshladi. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 569 kishi halok bo‘lgan, shundan 50 nafari bolalar va 94 nafari ayollar, shuningdek 1835 kishi yaralangan. Mamlakat janubida yashovchi minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:07
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
00:02 / 22.12.2024