Jahon | 19:02 / 27.09.2024
16890
2 daqiqa o‘qiladi

Uyning eng arzon ijarasi Turkmanistonda, qimmati – Qozog‘istonda

Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida uy ijarasi narxlari taqqoslab ko‘rildi.

Ashxobod / Foto: Ilya Varlamov

Asia-Plus nashri Dushanbe, Toshkent, Bishkek, Ostona va Ashxobodda bir, ikki va uch xonali kvartiralarni ijaraga olish narxlarini aniqladi. Buning uchun joriy yilning avgust va sentabr oylarida ijara saytlarida e’lon qilingan 50 ta e’lon o‘rganildi. Taqqoslash oson bo‘lishi uchun narxlar AQSh dollarida keltirildi.

Markaziy Osiyo poytaxtlari orasida eng arzon uy-joy ijarasi Turkmaniston poytaxti Ashxobodda qayd etilgan. U yerda o‘rtacha 240 dollarga zarur qulayliklarga ega 40 kvadrat metrlik bir xonali kvartirani ijaraga olish mumkin. Ashxobodda ikki xonali kvartirani ijaraga olish o‘rtacha 320 dollar, uch xonali kvartirani ijaraga olish esa 410 dollar turadi.

Tojikiston poytaxti Dushanbeda bir xonali kvartira ijarasining o‘rtacha narxi hudud va sharoitga qarab oyiga 160 dan 360 dollargacha o‘zgarib turadi. Ikki xonali va uch xonali kvartiralarning ijarasi o‘rtacha 500 dan 700 dollargacha.

Eng yuqori ijara narxlari Qozog‘iston poytaxti Ostona va Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda. U yerda o‘rtacha bir xonali kvartira ijarasi 440 dan 520 dollargacha, ikki xonali kvartira 670 dan 1520 dollargacha, uch xonali kvartira esa 1140 dan 2130 dollargacha turadi.

Toshkentdagi ijara narxlari Bishkekdagi narxlarga yaqin. Bu yerda bir xonali kvartirani ijaraga olishning o‘rtacha narxi hudud va sharoitga qarab 420 dollar, ikki xonali kvartira 700 dollar, uch xonali kvartira 1000 dollarni tashkil qiladi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida kuzatilayotgan ijara narxlarining oshishi, birinchi navbatda, aholi va mehmonlar tomonidan talabning ortishi, o‘quv yilining boshlanishi bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘lgan.

Mavzuga oid