O‘zbekiston | 13:42 / 28.09.2024
1645
3 daqiqa o‘qiladi

Urganchda O‘zbekiston – Polsha biznes-forumi o‘tkazildi

"O‘zbekiston va Polsha hamkorlik haftaligi" doirasida Belostok shahri meri Tadeush Truskolaski, Polsha Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Vitold Karchevskiy boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillari delegatsiyasining Xorazm viloyatiga safari tashkil etildi.

Foto: dunyo.info

Tashrif davomida Urganch shahrida O‘zbekiston - Polsha biznes-forumi o‘tkazildi.

Tadbir davomida ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilar e’tiboriga Xorazm viloyatining investitsion salohiyati taqdimoti namoyish etildi va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sohada so‘nggi yillardagi erishilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, 2023 yil yakuniga ko‘ra, faqatgina Xorazm viloyatining Polsha bilan savdo aylanmasi 8 million AQSh dollarini tashkil etgani va 2023 yilda Xorazm viloyatiga 6 ming nafar polyak turisti kelgani, 2024 yil sentabr holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 8 ming kishiga yetgani ta’kidlandi. Bu o‘sish polyak fuqarolarining mintaqaga, jumladan, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortganini ko‘rsatayotganiga alohida urg‘u berildi.

Forum yakunida Urganch shahar hokimi Bunyod Rajabov va Polshaning Belostok shahri meri Tadeush Truskolaski turli sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish maqsadida hududlararo hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha bitim hamda Xorazm viloyati va Podlyask voyevodligi Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida memorandumlar imzolandi.

Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng mebelsozlik, elektrotexnika, agrosanoat, baliqchilik, yo‘l qurilishi, hamda transport va logistika sohalaridagi yirik mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishtirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida V2V formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘tkazilgan V2V uchrashuvlarida Belostok shahri ishbilarmon doira vakillari mahalliy hamkorlar bilan Xorazm viloyatida sut mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi uchun kichik turdagi texnikalarni ishlab chiqarish hamda transport va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birlamchi kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid