Jahon | 15:28 / 29.09.2024
64182
9 daqiqa o‘qiladi

Bir jinoyat tarixi: qizi uchun o‘ch olgan militsiya zobiti

1980-yillar o‘rtalarida Moskva oblastidagi qishloqlardan birida uch yigitning o‘ligi topiladi. Yigitlardan biri diplomatning, ikkinchisi Markaziy qo‘mitada ishlovchi shaxsning o‘g‘li bo‘lib chiqadi. Uchinchi yigit ularning do‘sti bo‘lgan. Militsiya qotilni uzoq qidirmaydi...

Bugun SSSRni maqtaydigan ayrim odamlar o‘sha paytlarda jinoyatchilik bo‘lmaganini, odamlar bir-birlarini aldamasliklarini aytishadi. Aslida, aslo unday emasdi.

SSSRda jinoyatchilik bor edi, shunchaki aksariyat og‘ir jinoyatlar ommadan yashirilar, shu sababli odamlar ongiga «bizda jinoyatlar sodir bo‘lmaydi», degan tushuncha singib qolgandi.

Quyida hikoya qiladigan jinoyat ham sovetlar davrida sodir etilgan va SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ommaga oshkor bo‘lgan.

1985 yil qish fasli. Moskva viloyatidagi dalahovlilar joylashgan qishloqlarning birida uyga qaytayotgan sotuvchi ayol qorda qon izini ko‘rib qoladi.

Atrofga alanglagan ayol o‘sha atrofdagi uylarning biridan tutun chiqayotganini ko‘radi. Uy yonayotgan edi. Ayol uy eshigini ochadi va ikki yigitning jasadiga ko‘zi tushadi. Yigitlar qonga belangan holda yotardi.

Ayol darhol qo‘shnilarni chaqiradi. Bu orada kimdir o‘t o‘chiruvchilarga va militsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘t o‘chiruvchilar kelib olovni o‘chirishadi. Militsiya atrofni o‘rab oladi.

Jasadlar tekshirib ko‘rilganda ular yuqori lavozimli amaldorlarning o‘g‘illari – Viktor Sereda va Sergey Kapustin ekani oydinlashadi. Yigitlardan birining otasi diplomat, ikkinchisi KPSS Markaziy qo‘mitasi a’zosi edi.

Yigitlarning jasadi topilgan dalahovli tekshirib ko‘rilganda qandaydir Salomatin degan shaxsga tegishli ekani aniqlanadi. Xo‘sh, u kim va yigitlar qay tarzda o‘ldirilgan?

Tekshirib ko‘rilganda, dalahovli egasining o‘g‘li Valeriy Salomatin o‘ldirilgan yigitlar bilan Moskvadagi universitetlarning birida birga o‘qishi oydinlashadi.

Militsiya dastlab yigitlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan va Salomatin o‘rtoqlarini o‘ldirib qochib ketgan, degan taxminga boradi.

Biroq ...

Militsiya qishloqdagi barchadan ko‘rsatma oladi. Shunda o‘sha kuni ularni birinchi bo‘lib ko‘rgan ayol hamda boshqalar bu yigitlar bezori bo‘lishgani, ko‘pchilikka zarar yetkazib kelishganini aytadi.

Sotuvchi ayolning militsiyaga bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, yigitlar o‘sha kuni ertalab u ishlayotgan magazinga spirtli ichimliklar olish uchun kirishadi. Sotuvchi yigitlarni voyaga yetmagan deb gumon qilgan va ulardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘raydi.

Shunda yigitlar ayolga do‘q urib, ichimlik berishni talab qilishadi. Shu payt magazinga aka-uka Yegor hamda Fyodor Xarlamovlar kirib keladi va yigitlarni quvib yuboradi.

Militsiya xodimlari ko‘rsatma olish uchun Yegor va Fyodor Xarlamov birga yashaydigan uyga yo‘l oladi. O‘sha paytda Yegor ovga chiqib ketgan, uyda Fyodor va uning xotini bor edi.

Xodimlar hovliga kirganda ularni bir qo‘li bint bilan bog‘langan Fyodor kutib oladi. Bu holat militsiya xodimlarining e’tiborini tortadi. Bu haqda so‘ralganda mebel ta’mirlovchi usta bo‘lib ishlovchi Fyodor qo‘lini ish jarayonida jarohatlab olganini aytadi.

Militsiya xodimlari unga ishonishmaydi va uyni tintuv qilishga qaror qilishadi. Ular hamma yoqni tekshirishadi, biroq shubhali buyum yoki jinoyatga aloqador hech narsa topilmaydi.

Shu paytda xodimlardan biri Fyodorning xotini uydan shubhali tarzda sumka olib chiqib ketayotganini ko‘rib qoladi. Ayol ularni uyidan sal naridagi ko‘lga irg‘itadi.

Militsiya xodimlari ayol dalillarni yo‘qotishga urinyapti deb o‘ylashadi va sovuq suvga tushib ayol uloqtirgan sumkani olib chiqishadi. Sumkani ochishganda uning ichidan Fyodorning qon tekkan ko‘ylagi chiqadi.

Fyodor qo‘lini kesib olganida egnida shu ko‘ylak bo‘lganini aytadi. Biroq bir savol ochiq qolayotgandi: agar Fyodor rost gapirayotgan bo‘lsa, unda qon tekkan ko‘ylakni yuvib yana foydalansa bo‘lardi. Nega xotini shunday qilmay ko‘ylakni yashirishga urindi?

Bu savolga Fyodorning xotini javob beradi. Magazindan yigitlarni Fyodor va Yegor quvgan. Keyin yigitlarning o‘ligi topilgan. Bunday paytda birinchi gumondor Yegor va Fyodor bo‘ladi.

Agar militsiya qon tekkan ko‘ylakni topib olsa Fyodorni qamoqqa olishi, haqiqiy qotil topilmasa uni uzoq yilga qamab yuborishlari yoki hatto o‘lim jazosi ham berishlari mumkin. Ayol shu xavotirlardan kelib chiqib qon tekkan ko‘ylakni yo‘qotishga uringan ekan.

Militsiya Fyodorning xotinini so‘roq qilayotganda uyga ukasi Yegor kirib keladi. U militsiya xodimlariga uyidan sal naridagi botqoqlikda bir yigitning jasadi yotgani haqida xabar beradi.

Jasad tekshirib ko‘rilganda u yigitlar o‘ldirilgan dalahovli egasining o‘g‘li Valeriy Salomatin ekani oydinlashadi.

Militsiyada ikki yigit va ularning do‘sti Valeriy Salomatinni aka-uka Xarlamovlar o‘ldirgan, degan gumon asosiy o‘rinda turgandi. Shu sababli ular hibsga olinadi.

Biroq Valeriy Salomatinning jasadi oldidan temir buyum topiladi va unda noma’lum shaxsning barmoq izlari qolgan edi. Shu sababli militsiya qidiruv ishlarini davom ettiradi.

Ana shu jarayonda o‘lgan yigitlarning otalari, Moskvada yuqori lavozimlarda ishlaydigan amaldorlar militsiyaga bosim o‘tkazib, hibsga olingan aka-ukaning jinoyat ishini tezroq sudga o‘tkazishni talab qiladi.

Biroq bu ish bilan shug‘ullangan tergovchi vijdonli odam edi. U amaldorlarning bosimiga qaramasdan ishni oxiriga yetkazishni maqsad qiladi.

Tergovchi Salomatinning jasadi oldidan topilgan temir buyumga tushib qolgan barmoq izi kimga tegishli ekanini aniqlashga urinadi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi. Boshqa tomondan esa kutilmagan dalillar chiqadi va bu jinoyat ishida boshqa bir gumondor paydo bo‘ladi.

O‘lgan yigitlarning jasadlari ekspertizadan o‘tkazilganda ular o‘sha kuni hammom parxonasida uzoq vaqt o‘tirgani aniqlanadi. Tergovchi yigitlar dam olgan hammomni aniqlaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, yigitlar o‘sha kuni Viktor Burkov degan cholga tegishli hammomda dam olgan bo‘lib chiqadi. Cholning o‘g‘li Gennadiy Burkov sobiq militsiya mayori edi.

Gennadiy militsiyaga ishga kelguncha armiyada maxsus batalyonda xizmat qilgan va yuqori darajada yakkakurash jang sirlarini o‘zlashtirgandi.

U xizmat vakolatidan bir necha bor chiqqani va qo‘lga olingan shaxslarga kuch ishlatgani uchun militsiyadan ishdan bo‘shatilgandi.

Militsiya xodimlari Viktor Burkovdan Gennadiyning manzilini olishadi va uning uyiga qidirib borishadi. Eshikni Gennadiyning o‘zi ochadi va barchasini tan oladi. So‘zining oxirida qiziga tegmasliklarini, shundoq ham uning ruhiy holati yaxshi emasligini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, otasi yuqori lavozimlarda ishlovchi uch nafar yigit o‘sha kuni magazindan spirtli ichimliklar ololmagach, uni boshqa joydan topishadi va ko‘ngillari hammom tusab qoladi.

Ular o‘sha atrofda joylashgan Viktor Burkovning hammomiga borishadi. Chol ularni qabul qiladi. Shunda yigitlarning ko‘zi bobosinikiga ta’tilga kelgan Marinaga tushadi.

Yigitlar Viktor Burkovni molxonaga qamab qo‘yishadi va Marinani zo‘rlashadi. Yigitlar ketgach, chol darhol o‘g‘li Gennadiyga qo‘ng‘iroq qilib, hodisa haqida gapirib beradi.

Gennadiy kelgach yigitlarni Valeriy Salomatinning otasiga tegishli dalahovlidan topadi. U Viktor Sereda va Sergey Kapustinni pichoqlab o‘ldiradi. Valeriy Salomatin esa jarohatlangan holda qochishga urinadi.

Gennadiy uni qishloq chetida tutib, o‘ldiradi va botqoqlikka tashlab yuboradi. Qo‘lidagi temir buyumni ham o‘sha atrofga uloqtiradi va ortga qaytib dalahovlidagi uyni yoqib yuboradi.

Ana shu paytda sotuvchi ayol ko‘chadan o‘tib ketayotib yonayotgan uyni ko‘rib qolgan va eshikni ochib yigitlarning jasadiga ko‘zi tushgandi. Tergov jarayonida Gennadiy faqat bitta gapni takrorlaydi: «Men qizim uchun qasos oldim».

Tergov va sud jarayonlarida biri diplomat, boshqasida Markazqo‘m a’zosi bo‘lgan amaldor otalar qotilga oliy jazo berilishini talab qilishadi. Bosim ostida qolgan sud Gennadiyni o‘lim jazosiga hukm qiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid