Jahon | 12:50 / 01.10.2024
806
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda «Helen» to‘foni qurbonlari soni 90 kishidan oshdi

Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Karolina, Florida va mamlakat janubi-sharqidagi boshqa bir qator shtatlarda kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilarga olib kelgan vayronkor «Helen» to‘foni sabab bo‘lgan ofat ko‘lamini baholamoqda.

Foto: Marco Bello/REUTERS

AQSh janubi-sharqida sodir bo‘lgan vayronkor «Helen» to‘foni qurbonlari soni 90 kishidan oshdi. Shimoliy Karolinaning birgina Bankomb okrugida 30 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangani xabar berilgan. 30 sentabr, dushanba kuni AFP Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina, Jorjiya, Florida, Tennessi va Virjiniya shtatlarida mahalliy rasmiylar va ommaviy axborot vositalari xabarlariga tayanib, jami 93 kishi hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi.

To‘fon va u keltirib chiqargan halokatli suv toshqini bir necha shtatlarda 2,7 millionga yaqin xonadonni elektr energiyasidan mahrum qildi, uylar, savdo binolari va yo‘llar, shuningdek, suv va aloqa tizimlari shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan. Minglab odamlar vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi. Rasmiylar elektr ta’minotini tiklash ustida ishlamoqda, biroq ish yana bir necha kun davom etishi mumkin, dedi energetika vazirligi vakili.

AQShda 600 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin

AQShning janubi-sharqida sodir bo‘lgan «Helen» to‘foni 600 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilmoqda Vashington. 30 sentabr kuni AQSh ichki xavfsizlik vazirligi maslahatchisi Liz Shervud-Rendal shunday dedi: «Bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘fon 600 kishining hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lishi mumkin». Rasmiyning ta’kidlashicha, qurbonlar soni haqida yakuniy tasdiq hali yo‘q.

Reuters xabariga ko‘ra, tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Florida, Jorjiya, Shimoliy va Janubiy Karolina shtatlarida, shuningdek, Tennessi va Virjiniyada «Helen» to‘foni tufayli jami yuzdan ortiq odam halok bo‘lgan. Agentlik qayd etishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin.

Mavzuga oid