Fan-texnika | 13:52 / 02.10.2024
3506
2 daqiqa o‘qiladi

Skoda o‘zining birinchi ixcham elektrokrossoveri - Elroq’ni taqdim etdi

Uning narxi 31 640 yevrodan boshlanadi.

Foto: Skoda

Chexiyaning Skoda kompaniyasi yangi ixcham Elroq krossoverini taqdim etdi. Bu elektromodel Modern Solid dizaynida ishlab chiqarilgan bo‘lib, old qismi uzoqdan Kamiq modeliga o‘xshab ketsa, orqa tomoni kattaroq Enyaq modelini eslatadi.

O‘lchamlarga kelsak, yangi model Karoq’dan biroz katta: uzunligi 4488 millimetrni, g‘ildirak bazasi esa 2765 millimetrni tashkil etadi. Elroq MEB platformasida qurilgan. Batareyalarning uchta varianti bo‘ladi: 55, 63 va 82 kVt/soatli.

Kompaniya to‘rtta komplektatsiyani taklif etadi:

  • Elroq 50 — eng kichik batareyaga va 170 ot kuchidagi elektr dvigatelga ega model.
  • Elroq 60 — o‘rtacha sig‘im va 204 ot kuchi quvvatiga ega model, uning eng katta batareyali ikkita versiya mavjud.
  • Elroq 85 — orqa uzatmali va 285 ot kuchiga ega bo‘ladi.
  • To‘liq uzatmali Elroq 85x varianti esa 2025 yilda taqdim etiladi, lekin uning parametrlari hozircha ma’lum qilinmagan.

Eng katta batareyali modellarning bir martalik to‘liq quvvat bilan yurish masofasi 560 kilometrgacha deb e’lon qilindi, maksimal tezlik soatiga 180 kilometr bilan cheklangan. Boshqa versiyalar 160 kilometr/soatdan yuqori tezlikka erisha olmaydi, yurish masofasi esa 370 yoki 400 kilometr deb belgilangan. Yuqori versiyalardagi avtomobillar 175 kilovattlik quvvatlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va batareyani 10 foizdan 80 foizgacha zaryadlash uchun atigi 28 daqiqa talab etiladi.

Shuningdek, avtomobilda 470 litr sig‘imli yukxona, qo‘shimcha jihoz sifatida matritsa faralar, katta 13 dyuymli ekran, ko‘plab zamonaviy yordamchi tizimlar va barcha Skoda avtomobillariga xos bo‘lgan Simply Clever aqlli qurilmasi mavjud

Chexiya 2 oktyabrdan buyurtmalar qabul qilishni boshlaydi. Narxlar 800 000 kron, ya’ni 31 640 yevrodan (446 936 812 so‘m) boshlanadi.

Mavzuga oid