Jahon | 08:20 / 04.10.2024
4933
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Isroil TsAHALning Erondagi ehtimoliy nishonlarini muhokama qilmoqda

Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx Eron hujumiga javob berish variantlarini izlash doirasida Isroil bilan aloqa o‘rnatilganligini tasdiqladi, biroq ehtimoliy nishonlarni ochiqlashdan bosh tortdi va ularning ommaviy muhokamasini «nomaqbul» deb atadi.

Foto: Amir Levy / Getty Images

AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx 3 oktyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qo‘shma Shtatlar hukumati Isroil bilan Eronning yirik raketa hujumiga ehtimoliy javob choralarini muvofiqlashtirayotganini ma’lum qildi. «Ammo men ehtimoliy nishonlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni muhokama qilishni o‘rinsiz va unchalik foydali emas deb hisoblayman», dedi Pentagon vakili Isroil Eron neft obektlarini nishon sifatida ko‘radimi, degan savolga javob berar ekan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyati Isroilning Eron neft sanoatiga ehtimoliy hujumini «muhokama qilayotganini» aytdi. Siyosatchining izohi neftning jahon narxlarida sakrashga sabab bo‘ldi. Londonning ICE birjasida Brent markali neft narxi sentabr boshidan beri birinchi marta 5,04 foizga oshdi va bir barrel uchun 77,63 dollargacha ko‘tarildi.

Bir kun avval Amerika yetakchisi Vashington Isroilning Erondagi yadroviy inshootlarga zarba berishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

AQSh va Isroil Eron hujumiga javobni muhokama qilmoqda

Oq uy Isroil bilan Eronning avvalroq Isroil hududiga bergan yirik raketa zarbasiga javob choralari haqida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 1 oktyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistlarga ma’lum qildi. U Eron hujumi paytida uning jamoasi isroillik hamkasblari bilan aloqada bo‘lganini ta’kidladi va shuningdek, tez orada bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan Isroilning kerakli javobini muhokama qilishini aytdi.

Baydenning ta’kidlashicha, Eron hujumi Qo‘shma Shtatlar va Isroilning harbiy salohiyati tufayli «to‘xtatilgan». Avvalroq Isroil Mudofaa kuchlari (TsAHAL) matbuot kotibi Daniel Hagariy Eron tomonidan otilgan raketalarning aksariyati Isroil, AQSh va nomi oshkor etilmagan boshqa ittifoqchilar tomonidan urib tushirilganini da’vo qilgan edi.

Mavzuga oid