Sport | 17:45 / 08.10.2024
9951
5 daqiqa o‘qiladi

“Shaxmatdan chalg‘imaslik uchun telefon ham ishlatmayman” – Shamsiddin Vohidov

Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar jamoasi 189 davlat orasidan uchinchi o‘rinni egalladi. Jamoa a’zolaridan biri 22 yoshli Shamsiddin Vohidov taxtalar kesimida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda olimpiada taassurotlari, o‘yinlarga tayyorgarlik jarayoni va muvaffaqiyatli shaxmatchi bo‘lish haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Hindlarga qarshi bahs qiyin kechdi”

Budapeshtda bo‘lib o‘tgan xalqaro shaxmat olimpiadasida dunyoning eng yaxshi shaxmatchilari qatnashdi. Musobaqada to‘rtinchi taxtada o‘ynadim. 10 ta turdan 8 ball jamladim, 6 g‘alaba, 4 durangbilan oltin medalni qo‘lga kiritdim. Trinidad va Tobago, Moldova, Xitoy, Hindiston, Vetnam, Misr, Xorvatiya kabi davlatlardan kelgan raqiblar bilan kurash olib bordik. Eng qiyin bellashuvlar hindistonlik shaxmatchilar bilan bo‘ldi. Ular bilan 4 ta durang natija qayd etildi. Eng qizig‘i, hindistonlik o‘yinchilar faqat bizning mamlakat shaxmatchilari bilan durang natija ko‘rsatdi, qolgan barcha davlatlardan kelgan ishtirokchilarni mag‘lubiyatga uchratdi.

Umumjamoa hisobida 8 marta g‘alaba qozondik, 1 ta durang, 2 ta mag‘lubiyat bo‘ldi. Shu tariqa 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida reyting bo‘yicha AQSh, Hindiston va Xitoydan keyin 189 davlat orasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. O‘zbekistonga qaytganimizda bizni tantanali kutib olishdi. BYD avtomobili va pul mukofotlari sovg‘a qilindi. Mehnatimiz shu tarzda rag‘batlantirilganidan barchamiz cheksiz xursand bo‘ldik.

Kramnikdan katta tajriba oldim”

Olimpiadadan oldin O‘zbekiston jamoasi bosh murabbiyi Vladimir Kramnik bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Bu biz uchun katta mahorat maktabi bo‘ldi. Xususan, o‘yin strategiyalari, taktikalar, kombinatsiyalar, o‘yin jarayonida tezkor tahlil qilish qobiliyatlarini rivojlantirish ustida ishladik. Raqib bilan tanishish, uning o‘yin uslublari va zaif tomonlarini bilib olish bo‘yicha murabbiydan layfhaklar oldik.

Shaxmatda, odatda, tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish, hissiyotlarni boshqarish, konsentratsiyani saqlash, stress va bosim ostida samarali o‘ynash muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu sababli, nafaqat aqliy jihatdan, balki psixologik va jismoniy jihatdan ham puxta tayyorgarlik ko‘rdik.

Charchoq tufayli yutqazib qo‘yish mumkin”

Shaxmat o‘yinlari 3 soatdan 5-6 soatgacha davom etishi mumkin. Bu kabi jarayonlarda diqqatni bir nuqtaga yo‘naltirish muhim hisoblanadi. Agar hayolingiz boshqa narsaga birozga bo‘lsa-da chalg‘ib qolsa, bitta noto‘g‘ri yurish orqali 3-4 soat davomida qilgan mehnatingiz natijasini nolga tenglashtirishingiz va mag‘lubiyatga uchrashingiz mumkin.

Shuningdek, kuchli jismoniy tayyorgarliksiz shaxmatchi g‘alabaga erisha olmaydi, 5-6 soatlab davom etadigan o‘yinlarda charchoq tufayli yutqazib qo‘yish holatlari uchraydi, shaxsan o‘zimning tajribamda ham bunday vaziyatlar bir necha marta bo‘lgan.

Chalg‘ituvchi narsalardan uzoqlashganman”

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmayman. Faqat Instagram sahifam bor, unga ham deyarli kirmayman. Sababi ular odamning vaqtini o‘g‘irlab qo‘yadi. Ko‘p hollarda telefon ham ishlatmayman, shaxmatga bor e’tiborimni qaratishni maqsad qilganman. Mobil qurilmalar interaktivligi bois sizni o‘ziga jalb qilib, o‘z ustingizda ishlashdan uzoqlashtiradi. Bor kuchimni yuqori natijalarni qayd etishga yo‘naltiryapman va shu sababli maqsadimga erishishimdan chalg‘ituvchi barcha narsadan voz kechganman.

To‘liq intervyuni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mamatjonov.
Montaj ustasi: Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid