O‘zbekiston | 19:45 / 09.10.2024
11675
5 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV

Paxta narxi bilan bog‘liq muammolar fonida, maktab o‘qituvchilariga terim uchun odam topish vazifasi yuklatilayotgani haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni bunday holatlarda vazirlikning ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi terim narxi kilosiga 2500 so‘m deb belgilanganini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

Paxta terimi uchun belgilangan narx pasaytirilishi fonida, maktab o‘qituvchilari paxta terimi uchun odam topishga majburlanayotgani haqida xabarlar ko‘paydi.

X tarmog‘i foydalanuvchilaridan birining yozishicha, pedagoglarga (qayerda, qaysi maktabda ekani ochiqlanmagan) paxta terimi uchun har kuni 2 kishidan odam topib berish majburiyati qo‘yilmoqda.

“Ustozlar, ertaga soat 7 ga soliq idorasining oldiga 1 nafardan ota-ona[ni] har bir sinfdan navbatdan chiqaramiz. Indinga biznikilar dam oladi. Menimcha, shunday tartibda ishni tashkil qilamiz. Topshiriqqa jiddiy qaranglar”, – deyiladi Telegram tarmog‘idagi guruhdan olingan skrinshotda.

“3 marta majlis bo‘ldi, Xullas... jiddiy masala – paxta yig‘im-terimi. Sinfdan kuniga 3 ta ota-onani tashkil qilib beramiz ekan. Men kimnidir majburlab "siz chiqasiz, siz terasiz" deyolmayman, hammalaringizning sharoitingiz har xil. Kimdir ishlaydi, kimningdir qo‘lida yosh bolasi bor. Men hammaning ichida e’tiroz bildirgandim, gap eshitib oldim.

Hozirgi paytda bizning Vatanimiz shu yordamga muhtoj ekan. Kechgacha maslahat qilib, menga xabar beringlar, sizlardan katta iltimosim”, – deyiladi boshqa bir skrinshotda.

Tarmoq foydalanuvchilari izohlarda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida o‘qituvchilar shunday vazifasidan tashqari ishga jalb qilinayotganini yozgan. Ammo aynan qaysi maktablarda ekani ochiqlanmagan.

Rost24 nashri Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birining raisi ekani aytilgan shaxsning audiosini tarqatdi. Audiodagi ovoz egasi “hurmatli qishloqdoshlari”ga murojaat qilib, hammadan “to‘g‘ri tushungan holda paxtaga chiqishi”ni talab qilgan. Chiqmaganlarga esa “bola puli” berish to‘xtatilishiga shama qilingan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekani, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblashini ma’lum qildi.

“Bugungi kunda vazirlikda Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniqlangan har qanday noqonuniy holat yuzasidan huquq-tartibot organlari orqali, albatta, tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

Hurmatli pedagoglar, agar siz vakolatingizga kirmaydigan yumushlarga jalb qilinsangiz, zudlik bilan vazirlikning ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling: (71) 202-09-09”, – deya yozdi MMTV rahbarining matbuot kotibi Dilfuza Sobirova.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.

Avvalroq tarmoqlarda terimchilar paxta dalalarida paxta terishdan bosh tortayotgani haqida videolar tarqalgandi. Bunga terim uchun to‘lanadigan haq miqdori kamaytirilgani sabab bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining 9 oktyabr kuni ma’lum qilishicha, endilikda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2 500 so‘mdan haq to‘lanadi.

“Bugungi kungacha tijorat banklari tomonidan (qo‘l terimi uchun) 1500 so‘mdan kredit mablag‘lari ajratilib, terimchilarga ushbu miqdordagi summa har bir kilogramm uchun berib kelinayotgan edi. Bu o‘z navbatida birmuncha qiyinchilik tug‘dirib, terimchilarni mavsumiy ishga jalb qilish holatlarida noqulay vaziyatni keltirib chiqardi.

Mazkur holatlarni har tomonlama hisoblab va undan keyin terimchilarni moddiy rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish maqsadida bugundan boshlab, respublikamizdagi barcha hududlardagi terimchilarga paxta terim narxi (qo‘l terimi uchun)ni har bir kilogramm uchun 2500 so‘m etib belgilash qayd etildi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Izohlanishicha, 2500 so‘m mablag‘ning 2000 so‘mi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan, 500 so‘mi klaster hisobidan ajratilib, dalaning o‘zida terimchilarga tarqatiladi.

Mavzuga oid