Jahon | 16:10 / 12.10.2024
1874
4 daqiqa o‘qiladi

Hamburgda Anna Politkovskaya maydoni paydo bo‘ldi

Hamburgda 18 yil avval Moskvada otib o‘ldirilgan Anna Politkovskaya maydonidagi yodgorlikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Nomni o‘zgartirish tashabbuskorlaridan biri mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi Zeit Stiftung Bucerius jamg‘armasidir.

Foto: Axel Heimken/dpa/picture-alliance

Hamburgdagi maydonlardan biriga 18 yil avval o‘ldirilgan rossiyalik jurnalist va huquq himoyachisi Anna Politkovskaya nomi berildi. 10 oktyabr, payshanba kuni Roterbaum tumanida yodgorlik toshini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda Politkovskayadan iqtibos o‘yilgan: «Agar men yozishni to‘xtatsam, bilingki, dushmanlarim o‘z maqsadiga erishdilar».

«Biz buyuk jurnalist, erkinlik va adolat uchun qo‘rqmas kurashchining xotirasiga hurmat bajo keltiramiz, u avtoritar Rossiya davlatini tanqid qilgani uchun o‘z hayoti bilan narx to‘lashga majbur bo‘ldi», dedi Hamburg madaniyat va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha senatori Karsten Brosda marosimda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada jurnalistlarga bosim kuchayib bormoqda.

Politkovskaya maydoni Feldbrunnenstrasse va Binderstrasse chorrahasida joylashgan. Tadbir Hamburgdagi mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi Zeit Stiftung Bucerius tashkiloti tomonidan tashkil etilgan va u maydon nomini o‘zgartirishda muhim rol o‘ynadi.

Ilya Politkovskiy: qotillik hali ham fosh etilgani yo‘q

Tadbirda o‘ldirilgan jurnalistning o‘g‘li Ilya Politkovskiy va Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin nomini o‘zgartirishga va Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan «Novaya gazeta» nashri vakillari ishtirok etdi. Anna Politkovskaya «Novaya gazeta»da 1999 yildan beri ishlagan.

Ilya Politkovskiy Zeit Stiftung Bucerius jamg‘armasiga, Hamburg rasmiylariga va maydon nomini o‘zgartirishda ishtirok etgan boshqa shaxslarga minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, qotillik haligacha fosh etilmaganini eslatdi. «Ijrochilardan tashqari boshqa jinoyatchilar sudlanmadi, bu bizning oilamiz, onamning hamkasblari va butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p odamlar uchun azob bo‘lib qolmoqda», dedi u.

Anna Politkovskayaning o‘ldirilishi

Anna Politkovskaya 2006 yil 7 oktyabrda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tug‘ilgan kunida Moskvadagi uyining kiraverishida o‘ldirilgan. 2014 yil may oyida sud jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarga hukm chiqardi. Rustam Mahmudov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning akalari Jabroil va Ibrohim mos ravishda 14 va 12 yil qamoq jazosi oldi. 2007 yilda qo‘lga olingan sobiq politsiyachi Sergey Hojiqurbonov 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Tashkilotchi sifatida chechen tadbirkori va kriminal avtoritet, aka-uka Mahmudovlarning amakisi Lom-Ali Gaytukayev tan olingan. U umrbod qamoq jazosini oldi va 2017 yilda qamoqda vafot etdi. Besh nafar sudlanuvchining birortasi ham o‘z aybini tan olmadi. 2018 yil iyul oyida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Rossiya Federatsiyasini Politkovskaya ishi bo‘yicha «samarasiz tergov» uchun tanqid qildi. Jurnalistning yaqinlariga tovon puli tayinlangan.

Bryusselda Yevroparlamentdagi asosiy matbuot anjumanlari zali, Milandagi bog‘, Rimdagi maydon, Parij va Tbilisidagi ko‘chalar ham Politkovskaya nomi bilan atalgan.

Mavzuga oid