“Raqobat siyosati kerak” – Nobel mukofoti laureati O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida
2014 yilda monopoliyalarni boshqarish va bozorni tartibga solish bo‘yicha taqdim etgan yechimlari uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan taniqli fransuz iqtisodchisi Jan Tirol Toshkentda ma’ruza o‘qidi. Uning fikricha, monopoliya bor ekan, davlat iqtisodiy taraqqiyotdan umid qilmasa ham bo‘ladi.
“Umumiy farovonlik” deb nomlangan ma’ruzaga 700 ga yaqin tinglovchilar kelishdi. Iqtisodchi olimga ko‘ra, umumiy farovonlik bu – odamlarni yaxshi, to‘g‘ri hayot kechirishga undash va oxir-oqibat ko‘ndirish ham. Tirol Nobelni olishidan avval markaziy banklar, vazirliklar, o‘z davlatida iqtisod siyosatiga bosh-qosh idoralar bilan uzoq gaplashganini, natijada bozor doim ham haqqoniy bo‘lmasligini aniqlaganini aytdi.
Bozorlar haqqoniy bo‘lmaydi, regulyator yaxshi bo‘lishi kerak, bozor inqirozlarini oldindan kutgan davlatlar iqtisodini asrab qololadi, deydi professor.
“Janob Tirol, bozor xilma-xil bo‘lishi, avvalo odamlarda tanlov bo‘lishi kerakligini gapirdingiz. O‘zbekiston iqtisodiyotidagi eng katta muammolar monopoliyaga borib taqalaveradi, xo‘sh, yechim nimada, sizningcha?”
“Albatta, sizga raqobat siyosati kerak, xususiylashtirish ham. Men O‘zbekiston bo‘yicha ekspert emasman, lekin narx-navoning shakllanishi, innovatsiyalar paydo bo‘lishi uchun birinchi navbatda raqobat muhiti kerak. Agar davlat iqtisodini ko‘tarishni istasa, raqobat doirasini ham yaratsin. Bu sifatli mahsulotlar va past narx”,-deydi iqtisodchi.
Tirolga ko‘ra, ayni davrda davlatlar oldida yashil transformatsiya vazifasi turibdi. Sanoat, iqtisodiyot havoga kamroq chiqindi chiqaradigan, suvni kamroq isrof qiladigan yechimlarga muhtoj.
“Rossiyani qarang, u kabi yana ko‘plab davlatlar bugun suvni isrof qilib, mahsulot ishlab chiqaradi. Sanoatda suv isrof qilinmasligi kerak, suv bahoga ega bo‘lishi lozim. O‘zbekiston borasida gapirsam, men faqat 2 kun bu yerdaman va davlatni to‘liq o‘rganmadim. E’tiborimni tortgani yosh avlod ko‘p, investitsiyani ta’limga qilish kerak”, - deya qo‘shimcha qiladi Nobel mukofoti sovrindori.
Ma’ruzada aytilishicha, umumiy farovonlik uchun jamiyatda va xususan ish joyida erkak va ayollar teng ko‘rilishi, ish sharoitlari va muhit ular uchun teng yaratib berilishi kerak. Tolerant bo‘lgan jamiyat ko‘proq natijalarga erisha oladi. Bozorlarga doim hujumlar bo‘lgan, moliyaviy mexanizmlar to‘g‘ri qo‘llanmasa, moliyaviy samaradorlikdan umid qilish befoyda, deydi iqtisodchi.
Darvoqe, Jan Tirolning yana bir gapi e’tiborimizni tortdi. Ekologiyani jazolab bo‘lmaydi, sanoat iqlimni o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, avval pulini to‘lab qo‘ysin, deydi Nobelchi olim ekologiya va atrof-muhit muammolarini eslatarkan.
Mavzuga oid
10:26
Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
21:11 / 19.12.2024
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari e’lon qilindi
13:41 / 16.12.2024