Jahon | 08:40 / 16.10.2024
7965
3 daqiqa o‘qiladi

Lufthansa AQShda yahudiylar diskriminatsiyasi uchun jarimaga tortildi

AQSh Transport vazirligi Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasini yahudiy yo‘lovchilarni kamsitgani uchun 4 million dollar jarimaga tortdi.

Foto: AP / Michael Probst

AQSh Transport vazirligi Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasini yahudiy yo‘lovchilarni kamsitgani uchun rekord darajadagi 4 million dollar jarimaga tortdi. Bu haqda vazirlikning 15 oktyabr, seshanba kuni o‘z saytida e’lon qilingan press-relizida aytiladi. Germaniya aviatashuvchisi uchun jazo AQSh Transport vazirligi tomonidan joriy etilgan eng katta jazo bo‘ldi.

Nashr qilingan hisobotga ko‘ra, Lufthansa Nyu-York-Frankfurt-Budapesht yo‘nalishi bo‘yicha «asosan ortodoksal yahudiylar kiyadigan o‘ziga xos libosda bo‘lgan» 128 yo‘lovchiga Germaniyadagi bog‘lovchi reysga chiqishga ruxsat bermagan. Bunga Nyu-York-Frankfurt reysidagi ortodoksal yahudiylarga o‘xshagan bir necha yo‘lovchining ekipaj a’zolarining ko‘rsatmalariga amal qilishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.

Natijada, aviakompaniya xodimlari yahudiy deb hisoblagan reysdagi barcha yo‘lovchilarga Budapeshtga samolyotga chiqish taqiqlangan. AQSh transport idorasi o‘z bayonotida ularning ko‘pchiligi bir-birini tanimasligi va birga sayohat qilmagani, Lufthansa esa ekipaj a’zolarining ko‘rsatmalariga amal qilmagan yo‘lovchilarni aniqlay olmaganini ta’kidladi.

«Sayohat paytida hech kim kamsitishlarga duch kelmasligi kerak va bugungi xatti-harakatlar aviakompaniyalarga yo‘lovchilarning fuqarolik huquqlari buzilgan taqdirda tekshirish va choralar ko‘rishga tayyor ekanligimiz haqida aniq signal beradi», dedi AQSh transport vaziri Pit Buttijich bayonotida.

Lufthansa rahbari: GFRga parvozlar soni qisqarishda davom etadi

Lufthansa rahbari Karsten Shpor aviakompaniyalar Germaniya orqali parvozlar sonini qisqartirishda davom etishidan xavotirda. Sababi, Germaniyada aviakompaniyalar uchun soliq va to‘lovlar juda yuqori, dedi Shpor 12 oktyabr kuni chop etilgan Bild nashriga bergan intervyusida.

«Davlat to‘lovlarining haddan tashqari o‘sishi ta’minotning (havo parvozlari bozorida) pasayishda davom etishiga olib keladi, tobora ko‘proq aviakompaniyalar Germaniya aeroportlaridan parvoz qilishdan qochmoqda yoki ular orqali muhim tutashishlarni bekor qilmoqda», — dedi Lufthansa rahbari. U hozirgi vaziyatdan juda xavotirda ekanligini ta’kidladi.

Mavzuga oid