O‘zbekiston | 16:26 / 16.10.2024
30573
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?

Foto: Videodan kadr

Kun.uz'ga xorazmlik tadbirkor Ruslan Qalandarovning sholisini tortib olishga urinish jarayoni aks etgan video kelib tushdi. U bir necha kun oldin bizga intervyu bergandi. Xorazm va Qoraqalpog‘istondan keladigan bunday xabarlarni tahlil qilsak, u yerlarda sholikorlarning sholisini tortib olish odatiy holga aylangan. Bu hududlarda “mafiya qoidalari” ishlaydimi?

Tadbirkorning bizga aytishicha, 14 oktyabr kuni unga tegishli bo‘lgan dala boshiga Urganch tumani agroinspeksiya boshlig‘i Muzaffat Tajiyev, Xorazm viloyati IIB kriminalistika bo‘limi boshlig‘i Sanjar Nurjanov, hudud profilaktika inspektori Mahmud Yusupov – bir necha mashina bo‘lib “tekshiruvchilar” kelishgan, sholi o‘rimi jarayonini to‘xtatishgan va tadbirkor klaster bilan shartnoma tuzmasa, sholini o‘rib olishga imkon berilmasligini aytishgan.

Qalandarovning so‘zlariga ko‘ra, “klaster rahbari” ham o‘sha yerda hozir-u nozir bo‘lgan: u bilan tadbirkor o‘rtasida joyida shartnoma tuzdirish uchun. Tadbirkor undan kimligini so‘raganda, “fermer xo‘jaligiman” deb javob bergan.

“Hududimizdagi kombaynchilardan “Kiva-Group'ning sholisini o‘rmayman” degan mazmunda tilxat olishibdi”, deydi u.

Tadbirkor Ruslan Qalandarov – o‘z haq-huquqi uchun kurashib kelayotgan, chet elda tajriba orttirib, ona yuriga qaytib kelgan tadbirkor-dehqon, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan investor.

Ruslanga qarab, o‘ta xavotirli xulosalar chiqaraman: agar u kabi – o‘qimishli, tajribali, haq-huquqini taniydigan tadbirkorki o‘z mahsulotini mahalliy reyderlardan himoya qilishi shu darajada qiyin bo‘layotgan bo‘lsa, hududda faoliyat yuritayotgan boshqa dehqon va tadbirkorlarning ahvoli nechuk?! Barcha tafsilotlar shuni aytib turibdiki, boshqalarning hosillari bemalol tortib olinayotgan bo‘lishi mumkin.

Va tabiiy savol paydo bo‘ladi: bunday vaziyatda, bunday muhitda qishloq xo‘jaligi sohasini bozor relslariga qanday va qachon o‘tkazamiz? Bunday muhitda kuchli tadbirkorlik xo‘jaliklarini qachon yuzaga keltira olamiz?

Shokir Sharipov

Mavzuga oid