Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
1981 yil dekabr oyida taniqli aktrisalardan birini Moskvadagi kvartirasida o‘ldirib ketishadi. O‘shanda qotil topilmaydi. SSSR parchalangach, qotillikni KGB amalga oshirgani haqida gap-so‘zlar chiqadi. Chunki aktrisa AQShga ko‘chib ketishga taraddud ko‘rayotgandi.
Tarix sahnida 74 yil hukm surgan sovet davrida ko‘plab jinoyatlar sodir bo‘lgan. Biroq bu davlatda ular ommadan yashirilardi.
Bundan maqsad, odamlar ongiga «SSSRda jinoyatchilik va giyohvand moddalarga ruju qo‘yish yo‘q, hamma tinch, sog‘-omon hayot kechirmoqda», degan yolg‘on gapni singdirish edi.
Aslida, sovet ittifoqida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishlar, turli jinoyatlar ro‘y berardi.
Ana shunday jinoyatlardan biri 1981 yilda sodir bo‘ladi. Taniqli sovet aktrisasi Zoya Fedorova Moskvadagi kvartirasida o‘ldirib ketiladi. Xo‘sh, o‘sha paytda 72 yoshda bo‘lgan aktrisaning o‘limi kimga kerak edi?
«Xalq dushmani»
1909 yilda Sankt Peterburgda tug‘ilgan bo‘lajak aktrisaning yoshligi 1917 yilda Rossiyada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi va undan keyingi talato‘plar davrida kechadi.
1918 yilda Zoyaning oilasi Moskvaga ko‘chib o‘tadi va u maktabni bitirgach teatr bilim yurtida o‘qiydi. Qiz urushgacha bir necha marta turmushga chiqib ajrashadi.
Zoya 1932 yilda ilk marta badiiy filmda suratga tushganida hali talaba edi. Keyinchalik urushgacha u yana bir qator filmlarda va spektakllarda rol o‘ynaydi. 1938 yilda Zoyaning otasi qamaladi. Aktrisa shunda ham rollar ijro etishda davom etadi.
1945 yilda fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga SSSR tashqi ishlar vazirligi o‘tkazgan bir tadbirda u aqshlik diplomat Jyekson Teyt bilan tanishadi.
Shundan so‘ng ayol Jyeksonni sevib qoladi va bir muddat u bilan birga yashaydi. Jyekson ayolning homilador ekanini bilganida undan SSSRni tark etishni talab qilishayotgandi. Zoya qizini tug‘gan paytda sovet hukumati Jyeksonni mamlakatdan chiqarib yuborgandi.
Aktrisa xorijlik harbiy-diplomatdan farzand ko‘rganini yashirish maqsadida 1946 yilda kompozitor Aleksandr Ryazanovga turmushga chiqadi. Biroq NKVD «iskovuchlari» barchasini bilib turgandi.
1946 yil 27 dekabr kuni aktrisa hibsga olinadi va davlatga xiyonatda ayblanib 25 yilga qamaladi. Singlisi Mariyaga 10 yil qamoq jazosi berishadi. Opa-singillarni GULag qamoqxonalariga tiqishadi.
1953 yil mart oyida Stalin vafot etgach, qama-qamalar to‘xtaydi. Uning davrida qamoqxonalarga tiqilgan insonlar ozod qilina boshlanadi. Aktrisaga 1955 yilda navbat keladi va u ham ozod bo‘ladi.
Zoya qamalgunicha Beriya bilan yaxshi aloqalarda bo‘lgan. Aslida, buni yaxshi aloqa ham deb bo‘lmasdi, shunchaki millionlarning yostig‘ini quritgan bu shaxs Zoyaning muxlisi edi. Uning spektakllarini teatrga tushib tomosha qilardi.
Stalin vafotidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan shaxslar aktrisani Beriya bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan deb hisoblashadi va uni ozod qilishni kechiktirishadi.
Shu sababli ayol Stalin o‘lganidan keyin ham yana ikki yil qamoqxonada qolib ketadi. Aktrisa 1955 yilda qamoqdan qaytgandan so‘ng darhol filmlarda rollar ijro eta boshlaydi.
Jyekson Teyt bilan aloqalar
Mamlakat tepasiga Xrushchyov kelgandan so‘ng bir muddat SSSRning AQSh bilan aloqalari iliqlashib qoladi. 1959 yilda Moskvada Amerika mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Xrushchyov davlat tashrifi bilan okean ortiga boradi.
Ana shu paytlarda Zoya qizi Viktoriyaning otasi Jyekson Teyt bilan aloqa o‘rnatish choralarini izlay boshlaydi. U 1959 yilda Moskvada o‘tkazilgan AQSh ko‘rgazmasiga boradi va u yerda qatnashayotgan amerikalik ayol Iren Kirkdan Jyekson bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘raydi.
Iren Amerikaga qaytgach Jyeksonni izlab topadi va unga Zoyaning maktubini topshiradi. Shundan so‘ng Jyekson va Zoya o‘zaro maktub yozishib, qo‘ng‘iroqlashib turishadi. Aktrisa undan qiz ko‘rganini va va’daga muvofiq unga Viktoriya (G‘alaba) deb ism qo‘yganini aytadi.
Ko‘p o‘tmay «sovuq urush» davri boshlanadi. Amerika va SSSR orasidagi munosabatlar eng yomon ko‘rinishga keladi. Ana shunda «dushman» davlat fuqarosi bo‘lgan erkak bilan aloqalashib yurgan Zoya KGB e’tiboriga tushadi. Bu paytda uning yoshi 50 dan oshgandi.
Zoya qizining otasi bilan ancha yil xabarlashib yuradi. Aktrisa okean ortiga ketolmas, amerikalik sobiq harbiy SSSRga kela olmasdi.
Amerika orzusi va qotillik
1975 yilda 29 yoshli Viktoriya AQShga ketishga ruxsat oladi va okean ortiga ko‘chib ketadi. U Amerikada otasi bilan uchrashadi. So‘ng o‘sha yoqda turmushga chiqadi va farzandli bo‘ladi.
Shundan so‘ng 66 yoshli aktrisa SSSR tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, Amerikaga borib kelish uchun ruxsat so‘raydi va bir necha bor rad javobini oladi.
O‘sha paytlarda ko‘plab KGB va tashqi razvedka xodimlari, yuqori unvonli harbiylar MRB va MI xizmatlari foydasiga josuslik qilib yurgan va G‘arbga qochib ketgan edi.
Shuningdek, olimlar, sportchilar va adiblar biri yashirincha qochib, boshqasi oshkora ketib G‘arb davlatlaridan panoh topayotgandi.
Ana shunday sharoitda RSFSR xalq artisti bo‘lgan aktrisaga Amerikaga borishga ruxsat berishsa va u qaytishni xohlamasa bu sovet davlati uchun yana bir zarba bo‘lar edi. Shu sababli ham Zoya Fedorovaning AQShga borishiga ruxsat berishmayotgandi.
1976 yilda nihoyat aktrisaga Amerikaga borib kelishga ruxsat berishadi. Shunda ham ketishidan avval uni KGB xodimi «suhbat»ga chaqiradi va qaytib kelish haqida tilxat olinadi.
Zoya Amerikaga yetib borgach avval qizi va nabirasi bilan, so‘ng Jyekson Teyt bilan ko‘rishadi. Bir muddat Amerikada yashab Moskvaga qaytadi.
1978 yilda Jyekson Teyt vafot etadi. Shundan so‘ng aktrisa yana ikki marta okean ortiga qizining oldiga borib keladi.
Zoya oxirgi marta Amerikadan qaytgach doimiy yashash uchun okean ortiga ko‘chib ketishga qaror qiladi va hujjatlar to‘play boshlaydi.
Bungacha Zoya Fedorova qariyb 90 ta filmda rol ijro etgan. Ilk filmda 1932 yilda suratga tushgan bo‘lsa, so‘nggi filmi 1979 yilda suratga olingan.
Aktrisa «Y operatsiyasi yoki Shurikning boshqa sarguzashtlari» va «Moskva ko‘zyoshlarga ishonmaydi» kabi mashhur filmlarda epizodik rollar ijro etgan.
Zoya ikki marta 1941 va 1942 yillarda Stalin mukofotini olgan. Shuningdek, unga Mehnat qizil bayroq ordeni va 1965 yilda RSFSR xalq artisti unvoni berilgan.
Sirli qotillik
1981 yil 10 dekabr kuni 72 yoshli Zoya Fedorova Moskvadagi kvartirasida otib ketiladi. Militsiya marhumaning tanasidagi o‘qni tekshirib ko‘rganda u nemislarning Sauer rusumli to‘pponchasidan otilgani aniqlanadi.
Bu to‘pponcha germaniyalik Frits Tsener tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, undan 1939-1945 yillar oralig‘ida nemislar foydalangan.
Ikkinchi jahon urushida Germaniya mag‘lubiyatga uchragach nemis armiyasi zobitlari qo‘lida bo‘lgan Sauer to‘pponchalarining aksariyati sovet zobitlari va NKVD (so‘ng KGB) xodimlari qo‘liga o‘tgandi.
SSSRda bu to‘pponchadan ayrim harbiylar va KGB xodimlari foydalanishgan. Militsiya va KGB ancha payt qotilni qidiradi. Biroq aktrisani otgan shaxsni topib bo‘lmaydi.
SSSR parchalanib ketguncha aktrisa Zoya Fedorovaning sirli o‘limi haqida hech narsa yozib yoki mustaqil surishtiruv o‘tkazib bo‘lmasdi. Faqat IIV va KGBning rasmiy ma’lumoti bor edi xolos.
Zoyaning KGB tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini bilganlar ham bu haqda og‘iz ocholmasdi. Zulm saltanati parchalanib ketgach aktrisaning yaqinlari, tanishlari tilga kiradi va uning o‘limi bilan bog‘liq ayrim detallar oshkor bo‘ladi.
Keyinchalik, Zoya Fedorovaning jiyani ayol hech qachon begonalarga eshik ochmagani va ularni uyga qo‘ymaganini aytgan.
Moskva shahar IIBB jinoyat qidiruv boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha inspektori Sergey Butenin shunday degandi:
«Aktrisaning uyini ko‘zdan kechirish chog‘ida u egnida uniqqanroq eski xalat, oyog‘ida shippak kiygan holda ekaniga guvoh bo‘ldik. Shunda taxmin qildik, qotil ayolni avvaldan tanigan va uning uyiga kelib yurgan shaxs bo‘lgan».
Surishtiruvlar davomida o‘sha kuni ayolning uyiga uning Yuriy ismli jiyani va Nabokova familiyali dugonasi kelgani aniqlanadi.
Nabokovani so‘roq qilishganda u qizi Fransiyada yashashini va Zoya u orqali Amerikadagi qiziga narsa berib yubormoqchi bo‘lganini, o‘sha narsani olish uchun dugonasinikiga kelganini aytadi.
Yuriy esa ayoldan xabar olish uchun kelganini aytadi. Biroq militsiya uning gapiga ishonmaydi va yigitni qamab qo‘yishadi. Biroq undan boshqa gap chiqmagach Yuriyni qo‘yib yuborishadi.
Qotil aktrisani o‘ldirgach negadir ko‘p qavatli uyning yo‘lagidan emas, chordog‘i orqali qochib ketgani oydinlashadi. Bundan ham ajablanarlisi, aktrisaning dugonasi Nabokova ham ko‘p o‘tmay sirli ravishda vafot etadi. Aftidan, u muhim sirlarni bilardi.
Guvohlarni so‘roq qilish ikki yil davom etgach ish militsiyadan KGBga o‘tkaziladi. KGB esa jinoyat ishini yopadi va to‘plangan materiallarni maxfiy hujjatlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yadi.
Aktrisani KGB yo‘q qilganmi?
1980-yillar oxirlarida SSSR ichdan yemirila boshlagach Zoya Fedorovaning sirli o‘limi yana muhokama markaziga chiqadi. Uning KGB tomonidan o‘ldirilgani haqida gap-so‘zlar tarqaydi.
Shundan so‘ng militsiya va KGB zo‘r berib ayol noma’lum shaxs tomonidan qimmatbaho buyumlar uchun o‘ldirilganini ta’kidlay boshlaydi.
Ularning rasmiy ma’lumotlarida, vafotigacha bir necha marta Amerikaga borib kelgan aktrisa okean ortidan ko‘plab qimmatbaho buyumlar olib kelgan va uyida saqlagan.
Amerikaga borishida SSSRdan qimmatbaho tarixiy buyumlarni olib chiqib ketgan va ularni o‘sha yoqda pullab yaxshi daromad qilgan.
Rasmiy ma’lumotlardagi bu gaplarga odamlarni ishontirib bo‘lmasdi. Chunki o‘sha paytda Amerikaga boradiganlar va okean ortidan keladiganlar juda qattiq tekshiruvdan o‘tkazilardi.
Shu sababli bunday odamlar SSSRdan igna ham olib chiqolmas va olib kirolmas edi. Shu jumladan, taniqli aktrisa ham.
KGB tuhmatdan iborat rasmiy ma’lumot bilan cheklanib qolmaydi. Yoshi 70 atrofida bo‘lgan aktrisa kontrabanda bilan shug‘ullangani haqida asar yozdiradi, «hujjatli» filmlar tayyorlatadi.
Jumladan, 1990 yilda Yulian Semyonov «Kutuzov prospektining siri» nomli roman yozadi. Bu adib KGBning «xos yozuvchisi» edi va asarida aktrisani kontrabandachi sifatida tasvirlaydi.
Keyinchalik, Rossiyaning turli telekanallarida aktrisaning sirli o‘limi haqida turli ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar namoyish etiladi. Ularning ayrimlarida rasmiy ma’lumotlar aytilgan bo‘lsa, boshqalarida aktrisani KGB yo‘q qilgani haqida ham gapirilgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
18:43 / 20.12.2024
Google Maps fotosurati Ispaniyadagi qotillikni ochishga yordam berishi mumkin
16:51 / 16.12.2024