Jahon | 18:45 / 17.10.2024
8579
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi Yahyo Sinvar o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi

G‘azoga yo‘llangan navbatdagi zarba natijasida jami uch kishi o‘ldirilgan, ulardan biri Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Yousef Masoud / Keystone Press Agency / Global Look Press​

Isroillik harbiylar TsAHALning G‘azo sektoridagi harakatlari oqibatida Hamas guruhi rahbari Yahyo Sinvar o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilishdi, ammo bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmagan.

«Isroil mudofaa armiyasining G‘azo sektoridagi amaliyot chog‘ida uch terrorchi yo‘q qilindi. Isroil mudofaa armiyasi terrorchilardan biri Yahyo Sinvar bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda», — deyilgan xabarda.

Shuningdek, ayni bosqichda qurbonlar shaxsiga aniqlik kiritib bo‘lmasligi aytilgan. Bayonotga ko‘ra, «terrorchilar yo‘q qilingan» binoda garovdagilar bo‘lganiga oid belgilar aniqlanmadi.

TsAHAL amaliyot aynan qayerda va qachon o‘tkazilgani bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermagan. Batafsil ma’lumot keyinroq taqdim etilishi va’da qilingan.

Shu bilan birga, Sinvar chindan ham halok bo‘lganiga ishonch ortib bormoqda.

Isroillik yuqori martabali mulozimlar Ynet portaliga o‘ldirilgan shaxs aynan Sinvar ekani ehtimoli «juda yuqoriligi» va voqea joyida buning «belgilari mavjudligi»ni aytishgan. Kan teleradiokompaniyasi manbalari ham Sinvar halok bo‘lgani ehtimoli yuqoriligi haqida gapirgan. Ular Sinvar Isroildagi qamoqxonada uzoq vaqt saqlangani tufayli uning DNK namunalari borligi, shu tufayli uning shaxsini tasdiqlash muammo bo‘lmasligini qo‘shimcha qilishgan. Isroildagi to‘rtta manba bilan gaplashgan The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, jasad G‘azo sektoridan Isroildagi laboratoriyaga olib ketilgan.

Isroil harbiy radiosi Sinvar TsAHALning G‘azo janubidagi Rafah shahrida o‘tkazgan quruqlik amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. Ushbu nashr ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida Sinvar ham borligiga oid vizual dalillar mavjud, ammo Isroil uning o‘limini faqat DNK tekshiruvidan keyin tasdiqlamoqchi.

Bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinishidan Yahyo Sinvarga o‘xshaydigan kishi jasadi vayronalar ostida yotgani aks etgan fotosuratlar tarqalgan.

G‘azo sektoridagi manbalar uning o‘limini tasdiqlab, isroillik harbiylar uning jasadini tasodifan topib olishgani, chunki u tinch aholi orasida yoki garovdagilar ortiga yashirinmasdan, o‘z jangchilari bilan birga to‘qnashuv chizig‘ida bo‘lganini aytishgan. U turgan bino harbiy harakatlar chog‘ida minomyotdan o‘qqa tutilgan.

Yahyo Sinvar 2024 yil iyul oyi oxirida Tehronda raketa zarbasi oqibatida Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin, 6 avgustdan uning o‘rniga Hamas siyosiy byurosi rahbariga aylangandi. Undan oldin tashkilotning G‘azo sektori bo‘yicha rahbari hisoblangan. U Hamasning 2023 yil 7 oktyabr kungi Isroilga reydi asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘lgani aytiladi.

«Xon Yunuslik qassob»: Sinvar kim edi?

Abu Ibrohim ismi bilan ham tanilgan 61 yoshli Sinvar G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan qochqinlar lagerida tug‘ilib o‘sgan, G‘azodagi Islom universitetini tamomlagach, «Musulmon birodarlar» guruhiga qo‘shilgan.

Isroilliklar Sinvarni ilk bor 1982 yilda, 19 yoshdaligida «islomiy faoliyati» uchun, ikkinchi bor — 1985 yilda hibsga olishgan. Taxminan o‘sha yillarda u Hamas asoschisi shayx Ahmad Yosinning ishonchini qozongan.

Hamas harakatiga asos solinganidan ikki yil o‘tib, 1987 yilda u «Al-Majd» ichki xavfsizlik tashkilotini tuzadi, bu tashkilot Isroil bilan hamkorlik qilganlarni kuzatgani va yo‘q qilgani bilan mashhur.

Hayotining katta qismini — 22 yildan ortiq vaqtni — Sinvar 1988 yildan 2011 yilga qadar Isroil qamoqxonalarida o‘tkazgan. U ko‘p hollarda yakkalik kameralarga qamalgan va ko‘p ehtimol bilan bu uni yanada radikallashtirgan.

Isroil hukumati tomonidan tayyorlangan tahlilda Sinvar «shafqatsiz, avtoritet, katta ta’sirga ega, haddan tashqari chidamli, ayyor va manipulyativ, oziga qanoat qiladigan… Qamoqxonadagi boshqa mahbuslardan ham sir saqlay oladigan… Olomonni o‘z ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega odam» sifatida tasvirlangan.

Shafqatsiz va qat’iyatliligi bilan ajralib turgan Sinvar «Xon Yunuslik qassob» laqabini olgan.

Sinvar 2011 yilda, TsAHALning birgina askari Gilad Shalit evaziga almashtirilgan 1027 nafar falastinlik va isroillik arablar orasida edi.

Qamoqxonadan chiqishi bilan Sinvar «Al-Qassam brigadalari» bilan ittifoq tuzadi. 2013 yilda u Hamasning G‘azodagi siyosiy byurosiga a’zo bo‘ladi, 2017 yilda esa uning rahbariga aylanadi.

2015 yilda AQSh Davlat departamenti rasman Sinvarni «alohida qidirilayotgan xalqaro terrorchilar» ro‘yxatiga kiritgan.

2021 yil mayida isroilliklar uning G‘azo sektoridagi uyi va ofisiga aviazarbalar beradi. 2022 yil aprelida u o‘z telemurojaatida falastinliklarni har qanday yo‘l bilan Isroilga hujum qilishga chaqirgandi.

Mavzuga oid