Jamiyat | 14:01 / 17.10.2024
19738
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar piyoda yurganda qanday qilib ko‘proq kaloriya yo‘qotish usulini topdi

Bu usul nafaqat sog‘lom kishilar uchun, balki harakatlanishi cheklangan bemorlarni reabilitatsiya qilishda ham foydali bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Qisqa tanaffuslar bilan piyoda yurish to‘xtamasdan yurishga nisbatan ko‘proq energiya talab qiladi. Milan universiteti olimlari shunday xulosaga keldi, deb yozmoqda The Guardian.

Italiyalik tadqiqotchilar ko‘proq kaloriya sarflashning yangi usulini taklif qildi. Unda boshidan oxirigacha uzluksiz yurish o‘rniga tez-tez tanaffus qilish tavsiya etiladi. Tadqiqot doirasida ko‘ngillilar trenajyorda zinadan chiqish va yugurish yo‘lakchasida yurishga o‘xshash mashqlarni bajardi. Sinovlar 10 soniyadan 4 daqiqagacha davom etgan qisqa faollik davrlarini o‘z ichiga oldi. Har bir tajriba paytida olimlar iste’mol qilingan kislorod miqdorini qayd etib, yurishning turli usullari uchun metabolik ehtiyojlarni hisobladi.

Sinovlar natijasida qisqa, biroq faol sayr uchun 20-60 foiz ko‘proq kislorod talab etilishi aniqlandi. Bunga sabab shuki, harakatning boshlang‘ich bosqichlarida organizm mushaklarni qizdirish uchun ko‘p quvvat sarflaydi. Har safar tanaffusdan so‘ng yana tezlikni oshirish lozim bo‘lganda, ko‘proq kaloriya sarflanadi.

Tajriba natijalari nafaqat sog‘lom kishilar uchun, balki harakatlanishi cheklangan bemorlarning reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqishda ham foydali bo‘lishi mumkin. Masalan, bu semizlikdan aziyat chekayotgan odamlar yoki insultdan so‘ng tiklanayotganlar uchun muhim bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Bir soat yurish davomida kamida 200 kkal (daqiqasiga 3-5 kkal) sarflash mumkin. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich, chunki aniq qiymatlar shaxsiy bo‘lib, bo‘y va vaznga, shuningdek yurish tezligiga bog‘liq.

Bundan tashqari, yurish to‘laqonli kardio mashq hisoblanadi. U asosiy mushak guruhlarini ham ishga tushiradi: orqa, qorin va son mushaklarini faollashtiradi.

Mavzuga oid