Turkiston atamasi – etnik o‘zlik va mintaqaviy birlik ifodasi
Turkiston so‘zi ilk marta VI-VII asrlardagi yozma manbalarda uchraydi, keyingi davrlarda ham bu atama keng qo‘llangan, jadidlar ham bejiz bu nomga murojaat qilishmagan, deydi turkolog Jo‘liboy Eltazarov. Mustafo Kamol universitetidan Nazrin Alizodaning so‘zlariga ko‘ra, turk darsliklarida Markaziy Osiyo atamasining Turkistonga almashtirilishi yangi mintaqaviy kuchlar nisbatini yaratishga intilishdan darak beradi.
Turkiyadagi tarix darsliklarida “Markaziy Osiyo” atamasi “Turkiston” bilan almashtirilyapti. Turk rasmiylariga ko‘ra, bu qaror yosh avlodda milliy o‘zlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirishga qaratilgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Turkiy dunyoning ikki eng yirik mamlakati – Turkiya va O‘zbekiston aloqalari iliqlasha boshlagan 2016-2017 yillardan boshlab, turkiy o‘zlik asosidagi hamkorlikka intilishlar ancha jonlandi. 90-yillar boshida tamal toshi qo‘yilgan Turkiy kengash 2018 yilda O‘zbekiston a’zo bo‘lishi bilan Turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirildi.
Samarqand davlat universiteti professori, turkolog olim Jo‘liboy Eltazarovning so‘zlariga ko‘ra, qadimgi so‘g‘d manbalari, “Devoni lug‘otit turk” asari va keyinchalik Navoiy asarlarida ham Turkiston atamasi uchraydi.
“Bu – biz uchun tarixiy vatan nomidir. Buni unuttirish uchun mintaqa alohida 5 ta millat va mamlakatga ajratilgan. Ammo xalqlar bir nom ostida birlashgan davrini unutmagan. Hatto jadidlar ham shu nom ostida birlashish uchun kurashgan. Mana, bugunga kelib jadidlarning asarlarini kengroq o‘rganmoqdamiz, bunga yana bir karra amin bo‘lmoqdamiz”, deydi u.
Mustafo Kamol universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi o‘qituvchisi Nazrin Alizoda uzoq vaqt davomida qo‘llangan O‘rta Osiyo atamasi (keyinchalik Markaziy Osiyoga almashtirilgan) Rossiya imperiyasi tomonidan joriy etilganini urg‘ulaydi.
“Darsliklarda “O‘rta Osiyo” atamasi “Turkiston”ga almashtirilishi borasida har xil fikrlar aytilyapti, ayrimlar hatto Turkiyani turk dunyosiga da’vogar davlat deb ham ta’riflamoqda. Tarixiy manbalarga murojat qilsak, bu hudud Turkiston nomi bilan atab kelinganiga guvoh bo‘lamiz. Rossiya istilosi bilan parallel ravishda XIX asrga kelib bu hudud O‘rta Osiyo deb atalganini kuzatish mumkin. Geografik jihatdan juda katta bu hudud ruslar istilosidan keyin parchalanib ketgan. Rossiya imperiyasi Turkistonni XIX asrda to‘liq bosib olgan, Ignatev boshchiligidagi jamoa mintaqada ruslashtirish siyosatini olib borgan. Chunki bu hudud yerosti va yerusti boyliklariga boy edi. Rossiyaning Yevropa banklaridan olgan qarzlarini qoplash uchun ham Markaziy Osiyo voz kechib bo‘lmaydigan bir o‘ljadek edi”, deydi Nazrin Alizoda.
Uning ta’kidlashicha, mintaqani milliy-hududiy va siyosiy jihatdan bo‘laklarga bo‘lish bilan Markaziy Osiyo xalqlarida o‘zbek, qozoq, turkman kabi milliy o‘zliklar shakllantirilgan, bir umumiy nom ostida birlashishdan uzoqlashtirilgan.
Turk o‘quv dasturidagi o‘zgarishlar – Turkiya geostrategik kursining bir qismi. Nazrin Alizodaga ko‘ra, Turkiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li bir necha yil oldin Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda bo‘lib, bu davlatlarni Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlikning yangi sahifasini ochishga chaqirgan.
“Bu tashriflardan keyin mutaxassislar Turkiyaning mintaqadagi intilishlarini “Yangi Osiyo strategiyasi” deb ham nomlagan edi. Bunga geosiyosiy nuqtayi nazardan qaraganimizda, Turkiya o‘z tarixini himoya qilishi va “O‘rta Osiyo” atamasi o‘rniga “Turkiston” terminini qo‘llashi yangi mintaqaviy kuchlar nisbatini yaratishga ishora ham”, – deydi turkiyalik kuzatuvchi.
Jo‘liboy Eltazarov ham Markaziy Osiyo tarixiy davrlardagi kabi jips integratsiyaga qaytib, Buyuk ipak yo‘lidagi ahamiyatini qaytadan tiklashi kerakligini ta’kidlaydi.
“Markaziy Osiyoda Kaspiydan Gobi sahrosigacha, Irtish daryosidan markaziy Afg‘onistongacha bo‘lgan madaniyat ko‘prigi darajasini qaytarish kerak”, – deydi u.
Bundan avvalroq Xalqaro turk akademiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan tuzilgan Turk dunyosining umumiy alifbosini ishlab chiqish komissiyasi 34 harfdan iborat umumiy turk alifbosi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan edi. Bu voqealar silsilasi turkiy dunyo ichida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismi deb ko‘rilmoqda. Ushbu strategiya umumiy tarix, adabiyot, xaritalar, alifbo kabi elementlarni o‘z ichiga oladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:55
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024