Jahon | 13:40 / 21.10.2024
1578
3 daqiqa o‘qiladi

Tbilisida Yevropa tarafdorlari mitingida o‘n minglab kishilar qatnashdi

Tbilisidagi Ozodlik maydonida 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Gurjiston parlament saylovlari oldidan Yevropa tarafdorlarining mitingi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Mixail Yegikov / TASS

O‘n minglab gurjilar 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan Yevropa tarafdorlari namoyishida ishtirok etdi. Bu haqda 20 oktyabr, yakshanba kuni AFP xabar berdi.

Tbilisining markaziy Ozodlik maydonida namoyishchilar Yevropa Ittifoqi va Gurjiston bayroqlarini ko‘tarib oldi, ba’zilari «Gurjiston Yevropa Ittifoqini tanlaydi» degan bannerlarni ushlab turishgan.

Avvalroq, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham aksiyaga qo‘shilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi: «Ishonchim komilki, ertaga sizlar ko‘p bo‘lasizlar va ertaga sizlar bilan birga bo‘laman».

Miting Gurjistonning bir qancha nodavlat tashkilotlari, jumladan, «Gurjiston Yevropa orbitasi» va «Mening ovozim Yevropa Ittifoqi uchun» koalitsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Saylovlarda asosiy kurash hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishni himoya qiluvchi bir qancha muxolifat partiyalari va bloklari o‘rtasida bo‘lishi kutilmoqda.

Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, «Gurjiston orzusi» 30 foizdan ko‘proq ovoz to‘play oladi, jami 50-55 foiz saylovchilar esa muxolifat kuchlari uchun ovoz berishga tayyor.

YeIning uch davlati Gurjistonda adolatli saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Germaniya, Fransiya va Polshaning Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlari qo‘shma maktubda Gurjistonda «erkin va adolatli saylovlar» o‘tkazilishiga chaqirdi. Bu haqda 15 oktyabr kuni hujjat matnini qo‘lga kiritgan AFP agentligi xabar berdi.

AFP agentligining yozishicha, uch davlat vakillari Gurjiston rasmiylariga murojaat qilgan. Ularning fikricha, gurji xalqining o‘z mamlakatini Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirish istagini hurmat qilish kerak. Shu bilan birga, Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlar Tbilisining Yevropa kelajagi haqida qayg‘urishini bildirib, Gurjiston aholisini parlament saylovlarida ovoz berishda ishtirok etishga chaqirishdi.

2023 yil dekabridan Gurjiston Yevropa Ittifoqiga rasmiy nomzod maqomiga ega. Biroq, mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin uni blokka qabul qilish jarayoni to‘xtatildi. Germaniya, Fransiya va Polsha vazirlari o‘z maktubida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi faqat joriy ichki siyosiy qarorlar tufayli to‘xtatilganini va buning uchun eshiklar «ochiq bo‘lib qolishi»ni ta’kidlagan.

Mavzuga oid