O‘zbekiston | 12:32 / 22.10.2024
7515
7 daqiqa o‘qiladi

Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?

Texnikumlarga oid prezident farmoniga ko‘ra, 672 ta profta’lim muassasalari negizida 600 ta texnikum tashkil etiladi. O‘qish muddati o‘quvchi va kasbga moslashtiriladi. Farmondagi shu va boshqa o‘zgarishlarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tushuntirish berdi.

2024 yil 16 oktyabrda “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni e’lon qilindi. Hujjatda ko‘rsatilgan o‘zgarishlar va ularga nega ehtiyoj bo‘lgani haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova izoh berdi.

Nega professional ta’lim muassasalari birlashtirilyapti?

Hozirgacha professional ta’lim tizimi 3 ta turdagi – 333 ta kasb-hunar maktabi, 112 ta kollej va 227 ta texnikumdan  iborat bo‘lgan. Bu muassasalar tabaqalashgani va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani sabab ularning quvvatlaridan unumli foydalanilmagan.

“Endi prezident farmoni bilan 3 ta turdagi muassasalar optimallashtirilib, ularning negizida barcha darajalar va yo‘nalishlar bo‘yicha kadr tayyorlaydigan yagona muassasa turi – texnikumlar tashkil etiladi. Bunda 672 ta profta’lim muassasalari negizida 600 ta texnikum tashkil etiladi, 71 ta ta’lim muassasalari maktablarga berilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi. Ta’lim darajalarining uzviyligi, uzluksizligi va integratsiyasi ta’minlanadi hamda ularning smena koeffitsiyenti normallashadi”, – dedi Nazokat Abduqunduzova.

O‘qish muddati o‘quvchi va kasbga moslashtiriladi

Mas’ulning tushuntirishicha, endi professional va oliy ta’lim modullarini yagona dasturga birlashtirish va “2+2”, “1+3” kabi moslashuvchan dasturlar bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, texnikumlarda o‘qish muddatlari va davomiyligi kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanadi. Misol uchun, ekspeditor kasbi bo‘yicha 9-sinf bitiruvchisi 3 yil o‘qisa, 11-sinf bitiruvchisi – 2 yil o‘qiydi.

O‘zlashtirilgan modullardan kelib chiqib ta’lim dasturlarining o‘qitish muddatlari belgilanadi. O‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilari o‘zlashtirgan modullari, to‘plangan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymati(GPA)dan kelib chiqib, bakalavriatning muayyan bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Farmonga ko‘ra, texnikumlarning mustaqilligi kengaytiriladi va ular ish beruvchilar talabi asosida fanlar soni va soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirish va qo‘shma dasturlarni joriy qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Texnikumlar buyurtmachilar bilan kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha shartnomalar tuzish, bu dasturlarning qabul parametrlari, ta’lim tili va qiymatini mustaqil belgilaydi. Shuningdek, texnikumlarga mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, tushgan pullar hisobidan o‘zining moddiy holatini yaxshilash, o‘quvchilar va pedagoglarni rag‘batlantirish huquqi beriladi.

Xalqaro ta’lim dasturlari kiritiladi

Farmonga ko‘ra, dasturlar sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda tajriba tariqasida 12 ta kvalifikatsiya bo‘yicha “Pirson” kompaniyasining BITEK dasturi joriy qilinadi. Ma’lum qilinishicha, “Pirson” yetakchi xalqaro ta’lim tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 784 ta markazga ega va uning 90 foiz bitiruvchisi ish bilan ta’minlanadi. Bunda har bitta texnikumda BITEK dasturi bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etiladi. Bo‘lim xodimlari “Pirson” kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur joriy qilinishini to‘liq muvofiqlashtirib boradi. BITEK dasturi joriy qilingan muassasalarga to‘liq akademik mustaqillik beriladi.

“BITEK dasturlarini amaliyotga kiritish natijasida 180 nafar pedagogning malakasi oshiriladi va yiliga 1 680 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi va 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijada rivojlangan davlatlardagi malakali va yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborilgan muhojirlar ko‘lami oshadi. BITEK dasturlarini joriy qilish natijasidan kelib chiqib bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi”, – dedi Abduqunduzova.

O‘qish jarayoniga ish beruvchilar jalb qilinadi

Nazokat Abduqunduzovaga ko‘ra, hozirgacha qabul parametrlari va ta’lim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida emas, balki ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar va mavjud asbob-uskunalardan kelib chiqib shakllangan. Shu sabab ayrim hududlarda muayyan o‘rta bo‘g‘in kadrlarga ehtiyoj bo‘lsa-da, texnikumlarida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmagan.

“Buni o‘zgartirish uchun qabul parametrlarini shakllantirish bo‘yicha elektron platforma yaratiladi, barcha vazirlik va ish beruvchilar unga ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari tarmoq kengashlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi”, – dedi u.

Shuningdek, endilikda yakuniy attestatsiyalarni texnikum xodimlari emas, ish beruvchilar va uyushmalar vakillari o‘tkazadi.

Yagona boshqaruv tizimi joriy qilinadi

Hozirgacha profta’limda yaxlit boshqaruv tizimi mavjud bo‘lmagani va muassasalar 27 ta vazirlik va idoralar bo‘ysunuviga berilgani sabab ularning faoliyati samarali tashkil etilmaganini aytadi matbuot xizmati rahbari. “Vazirliklar o‘rtasida muvofiqlashtirish bo‘lmagani sababli 75 ta kasbga o‘qitish markazida o‘qitilayotgan 30 dan ortiq kasblar yaqin hududdagi 275 ta profta’lim muassasasida ham o‘qitilyapti. Shunga ko‘ra, profta’limda tashkiliy-boshqaruv va metodik masalalarni muvofiqlashtiruvchi va yagona davlat siyosatini yurituvchi organ sifatida Oliy ta’lim vazirligi belgilanmoqda”, – deb qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, profta’lim muassasalarini adabiyotlar va jihozlar bilan ta’minlash va o‘quv jarayonini raqamlashtirish maqsadida Oliy ta’lim vazirligi huzurida alohida jamg‘arma tashkil etiladi. Unga vazirlikning budjetdan tashqari jamg‘armasidan 50 mlrd so‘m va davlat budjetidan 2025 yilda 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, texnikumlarning direktor va direktor o‘rinbosarlari Oliy ta’lim vazirligi platformasi orqali ochiq tanlov asosida tanlanadi. Texnikum direktorlari bilan 3 yillik mehnat shartnomasini tuzish va faoliyat natijasidan kelib chiqib, ular bilan shartnomani uzaytirish yoki bekor qilish tartibi joriy etiladi.

Mavzuga oid