Jahon | 12:40 / 24.10.2024
1484
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi Bayrut janubiga besh marta havo hujumi uyushtirdi

«Baxman» kasalxonasi binosiga katta moddiy zarar yetkazildi.

Foto: Anadolu via Reuters Connect

Isroil oxirgi kunlarda hujumlarini kuchaytirgan Livan poytaxti Bayrutga yana besh marta havo hujumi uyushtirdi.

Livanning rasmiy axborot agentligi NNA ma’lumotlariga ko‘ra, «Baxman» kasalxonasi ro‘parasidagi bino havo hujumi nishoniga olingan va tibbiyot muassasasi jiddiy zarar ko‘rgan.

Samolyot Xarat-Horeyk mavzesiga ikkita, «Rayya» stadioni va «Al-Qaim» majmuasiga yana uchta zarba berdi.

Isroil armiyasi matbuot kotibi Avixai Adrai 22 oktyabr oqshomida «evakuatsiya qilish zarurligi haqida ogohlantirib», to‘rtta xaritani e’lon qildi.

Isroilning Livanga zarbalari qurbonlari soni 2,4 mingdan oshdi

2023 yil 8 oktyabrdan beri Isroilning Livandagi zarbalari oqibatida 2464 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Livan sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytiladi.

Yana 11 530 kishi jarohatlangan, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasi mamlakatning ko‘plab hududlarida havo hujumlarini davom ettirmoqda.

Xabarga ko‘ra, bir kun avval Isroil armiyasining hujumlari natijasida 16 kishi halok bo‘lgan, 59 kishi yaralangan.

Isroilning Livandagi bombardimonlari tufayli 100 ming kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

Mamlakatning janubiy viloyatlaridan poytaxt Bayrut va shimolga ko‘chish to‘lqini davom etmoqda. Livan hukumati 471 mingdan ortiq qochqin Suriyaga o‘tib ketganini e’lon qildi.

Mavzuga oid