Dunyodagi eng nufuzli biznes-indeks tiklandi
Jahon banki bir necha yil oldin mojaroli tarzda to‘xtatilgan “Doing Business” indeksi o‘rniga yangi “Business Ready” indeksini joriy etdi. Yangi reytingda avval yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgani aytilmoqda.
Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksi (“Doing Business”) uzoq vaqt davomida butun dunyo bo‘ylab biznes muhitini baholashning muhim manbasi deb e’tirof etib kelingan. Lekin 2021 yilda ma’lumotlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq mojaro tufayli bu hisobotni tayyorlash to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Endilikda Jahon banki yangi “Business Ready” (“B-Ready”) indeksini ishlab chiqdi. Yangi reytingda avval yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgani aytilmoqda.
The Economist'ning yozishicha, oldingi yagona reytingdan farqli o‘laroq, yangi indeks tartibga solish, ijtimoiy xizmatlar va operatsion samaradorlikni qamrab oluvchi uchta alohida indeksni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, “B-Ready” o‘z qamrovini kengaytirib, yirik kompaniyalar, ishchilar huquqlari va ekologik barqarorlik kabi ijtimoiy jihatlarni ham qamrab oldi.
Yangi indeks kengroq miqyosda so‘rovlar o‘tkazish orqali biznes muhitining haqiqiy holatini yaxshiroq ko‘rsatib berish, batafsilroq va ishonchliroq ma’lumotlar taqdim etishni va’da qilmoqda. Avvalgi hisobotlar osonlikcha manipulyatsiya qilish mumkinligi sababli tanqid qilingan edi: hukumatlar arzimas islohotlarni amalga oshirib, reytingdagi o‘z o‘rinlarini yaxshilab olishlari mumkin edi. Yangi yondashuv bu muammoni imkon qadar kamaytirishga qaratilgan, lekin sub’yektivlik hamon muammoligicha qolmoqda. Xususan, qaysi omillarni – masalan ishchilar huquqlarini yoki soliqqa tortish masalalarini – eng muhim deb hisoblash siyosiy bahslar mavzusi bo‘lib qolmoqda.
Bu murakkabliklarga qaramay, yangi indeks ko‘proq ma’lumotlar va kengaytirilgan qamrov tufayli takomillashtirilgan usul sifatida baholanmoqda. Avvalgi reyting tizimi bilan bog‘liq salbiy rag‘batlantiruvchi omillarning birmuncha bartaraf etilgani yangi indeksning eng muhim yutuqlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
16:43 / 10.12.2024
Toshkent viloyatining meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarida 3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi
16:26 / 07.12.2024