O‘zbekiston | 12:30 / 26.10.2024
1228
2 daqiqa o‘qiladi

Kinematografiya milliy komissiyasining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kinematografiya sohasida bir qator NHH tasdiqlandi.

Kinematografiyani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy komissiya hamda Filmlarning g‘oyaviy-badiiy darajasini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha milliy kengash tashkil etilgan. Xalqaro kinofestivallarda taqdirlangan milliy filmlar ijodkorlarini rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda.

Hujjat bilan Kinematografiyani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy komissiya hamda Filmlarning g‘oyaviy-badiiy darajasini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha milliy kengash to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Ular quyidagilarni belgilaydi:

  • komissiya va kengashning maqsadi va vazifalari;
  • ularning huquq va majburiyatlari;
  • faoliyatini tashkil etish tartibi.

Milliy komissiya oldiga quyidagi asosiy vazifalar qo‘yilgan:

  • "Tirik tarix" dasturi doirasida va davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarni ishlab chiqarish uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlash va qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish;
  • kinoindustriyani iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida rivojlantirish, imtiyoz va preferensiyalar berilgan maxsus kino hududlarini tashkil etish;
  • milliy filmlarni xorijiy kino bozorlari va kinofestivallarda keng targ‘ib qilish va boshqalar.

Milliy kengashning asosiy vazifalari:

  • "Tirik tarix" dasturi doirasida yaratiladigan filmlarning adabiy va rejissyorlik ssenariylari g‘oyaviy-badiiy mazmunining yuqori darajasini ta’minlash;
  • kino mahsulotlarini ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish, ustuvor mavzu va janrlar bo‘yicha kvotalarni belgilash;
  • Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida "Tirik tarix" dasturi bo‘yicha tarixiy faktlarni aniqlash uchun ekspertlar ilmiy guruhini shakllantirish.

Xalqaro kinofestivallar va kinotaqdimotlarda taqdirlangan milliy filmlar ijodkorlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Xalqaro kinoprodyuserlar federatsiyasi akkreditatsiya qilgan kinofestivallarning nominatsiya g‘oliblari yoki Gran-pri sohiblariga 150 BHMning 150 baravarigacha miqdorda mukofot berish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid