Jahon | 08:56 / 01.11.2024
1820
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi Isroilning UNRWA ishini taqiqlash qaroridan chuqur xavotirda

UNRWA ishg‘ol qilingan hududlardagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatishning asosiy yo‘nalishidir va unga muqobil yo‘q, dedi Guterrish.

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil parlamenti tomonidan BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ishlari agentligi (UNRWA) faoliyatini tugatuvchi qonun loyihasi ma’qullanganidan chuqur xavotir bildirdi.

Guterrish yozma bayonotida, agar qonun kuchga kirsa, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan vakolat berilgan agentlikning Sharqiy Quddus bilan birga bosib olingan Falastin hududlarida o‘z missiyasini bajara olmasligini ta’kidladi.

«UNRWA bosib olingan hududlardagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatishning asosiy yo‘nalishi bo‘lib, unga muqobil yo‘q. Isroil parlamentida UNRWA'ga oid ikkita qonun qabul qilinganidan qattiq xavotirdaman», dedi Guterrish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qonunlarning amalga oshirilishi falastinlik qochqinlar uchun dahshatli oqibatlarga olib keladi, buni esa qabul qilib bo‘lmaydi. Bosh kotib Isroilni BMT Nizomi va xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.

Guterrish milliy qonunlar xalqaro majburiyatlarni bekor qilmasligi kerakligini ta’kidladi. U yangi qonun mintaqani beqarorlashtirishi va Isroil-Falastin mojarosini yanada kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

BMT bosh kotibining aytishicha, bu masala BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga kiritiladi va u muntazam ravishda vaziyat rivoji haqida xabardor qilinadi.

Kuni kecha Isroil parlamenti UNRWA'ning Isroildagi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

Mavzuga oid