Jamiyat | 17:26 / 08.11.2024
35811
9 daqiqa o‘qiladi

“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)

Toshkentda EKU usulida homilador bo‘lishi kerak bo‘lgan bir guruh ayollar xususiy markaz tomonidan aldanib qolgani aytilmoqda. Murojaatchilarga ko‘ra, klinika ta’sischilarining kelishmovchiligi, kasodga uchragani sabab uning poytaxtdagi filiali yopilgan, rahbari esa Turkiyaga qochib ketgan. Urug‘lantirilgan embrionlar, to‘langan pullar bilan nima bo‘lishi, ayollarga kim yordam qilishi esa noma’lum.

Farzand ne’mati, u bo‘lmasligining iztiroblari, farzand ko‘rish uchun yillab shifokorma-shifokor umr o‘tkazuvchlar... So‘ngi yillarda mana shunday befarzand oilalar uchun EKU texnologiyasi, qaysidir manoda najot bo‘lib qoldi.

EKU bu – ekstrakorporal urug‘lantirish bo‘lib, bepushtlik tashxisi qo‘yilgan yoki anchadan beri farzandli bo‘la olmayotgan oilalar uchun zamonaviy reproduktiv texnologiya sanaladi. Bunda tuxum hujayralar va spermatozoidlar laboratoriyada urug‘lantirilib, hosil bo‘lgan embrionlarning sifatlisi bachadonga ko‘chiriladi. Ortib qolganlari esa muzlatiladi.

Bu noodatiy tibbiy jarayon oson ham, arzon ham emas. Lekin uzoq yil, ko‘p mablag‘ va turli muolajalar orqali ko‘z tikilgan umid sarobga aylansa-chi? Toshkent bir guruh oilalar bilan shu holat kuzatilmoqda.

“Bor umidimiz mana shu EKU markazidan edi”

Farzand ko‘rishni istab, “Turk-Bukhara ECO markaz”ining Toshkentdagi filialiga borgan 100 dan ziyod ayollar mana shu jarayonlar yakunlanmaganidan norozi, ular Kun.uz'ga murojaat qildi. Ta’kidlanishicha, bemorlar yoz oylarida markazda ro‘yxatdan o‘tib, shartnoma qilgan. Tibbiy xizmatlar uchun 42,6 mln so‘mdan to‘lov qilishgan.

Sentyabr oyida sun’iy urug‘lantirilgan embrionlar bachadonlariga transfer qilinishi, homilador bo‘lishi kerak bo‘lgan.

Klinikaning faoliyati to‘satdan to‘xtatilishi ortidan ishlar oxiriga yetmagani, markaz ta’sischisi esa Turkiyaga qochib ketgani aytilmoqda.

16 yildan beri shu muammo bilan kurashib kelyapmiz, hamma joyga murojaat qilganmiz, oxirgi umidimiz faqat EKU bo‘lgan, oxirgi umidimizni so‘ndirmaslik uchun shu EKUga kelganmiz. Lekin shu umidimiz ham qolmadi. 3 oydan beri bizni aldab kelishadi, “ana bo‘ladi, indinga bo‘ladi” deb. 15 kun “moyka”ga yopilishdi, “oktyabrning boshida ochiladi” deyishdi, keyin unda ham ochilmadi, hozir borsak klinika yopiq. Bizga javob beradigan hech kim yo‘q, mas’ullarga murojaat qilamiz desak, telefoni o‘chirilgan.

Biz bilan faqat shifokorimizning tarjimon qizi aloqada, savollarimizga javob berib turibdi. Bo‘lishi kerak bo‘lgan narsani orqaga cho‘zib, rosa bizni aldashdi. Endi bu kimningdir orasidagi muammoga biz qurbon bo‘lyapmiz. Prokuraturaga bordik, ichki ishlarga murojaat qildik, hech qayerdan ijobiy javob yo‘q”, – dedi murojaat qilganlardan biri.

Avgustda operatsiya bo‘lib, folekulani topshirganmiz, yig‘ib olishgan. Endi oktyabr oyida [embrionni] transfer qilishlari kerak edi, ular sentabr oyida [klinikani] yopib ketishgan. Mana 2 oy bo‘lyapti, ulardan darak yo‘q. 42 mln 600 ming so‘m to‘lov qilganmiz, hozir 52 nafar odamga [embrion] transfer qilinishi kerak, bundan tashqari 127 kishining embrionlari muzlatilib, puli to‘langan. Bizning embrionlarimiz klinikada turibdi, lekin beqarov qolib ketgan. U qanday holatda turibdi, buni bilmaymiz.

Farzand uchun majbur borganmiz-da... Bu ayollarning hozir oilasi buzilyapti, misol uchun, meniki ham buzilyapti, menga ham shart qo‘yilgan: “agar farzanding bo‘lsa, qolasan, bo‘lmasa ketasan” degan. Shuning uchun nechta ayollarning hayoti buzilyapti, ayollar “tayoq yeb” ketyapti”,– deydi shaxsini ochiqlashni istamagan fuqaro.

Iyul oyida markazga borib, sentabrda embrioni transfer qilinishi kerak bo‘lgan ayollardan birining aytishicha, ayrim oilalar markazga qilinadigan to‘lovni kredit olib, uyni sotib amalga oshirishgan.

Kimlardir kredit olgan, kimlardir qarz olgan, farzand uchun molini, uyini sotib kelganlar ham bor. [O‘zimni] xo‘rlangandek his qilyapman, qanday his qilaman?! Uyim janjal, to‘polon, qizlarimizni eri haydab yuborgan, kimningdir qaynonasi haydab yuborgan, kimdir “o‘zimni o‘ldiraman” deb aytadi, bizga ham mundoq yordam beradigan odam bordir. Begona mamlakatdan kelib, O‘zbekiston ayollarini shunday xo‘rlashyapti, nahotki bizni himoya qiladigan odam bo‘lmasa?

Farzandsiz ayollar ko‘ylaksiz, yalang‘och odamga o‘xshaydi, men buni sizga gap bilan tasavvur qildirib berolmayman. Chunki oila farzand bilan mustahkam bo‘ladi, bor umidimiz mana shu EKU markazidan edi. Ko‘cha-ko‘yda farzandlilarni ko‘rsam, bir chuqurlikka tushib qolganga o‘xshayman, sizlar yordam berib, shu EKU markazi ochilsa yoki pulimizni qaytarib bersa, boshqa klinikaga o‘tkazib bersa ham mayli. Davomini o‘sha klinikada qilib, xudo xohlasa farzandli bo‘lamiz degan umiddamiz”,– deydi yana bir ayol.

Fuqarolarning aytishicha, klinika ta’sischilari asli 3 nafar turk bo‘lib, pulning ortidan ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shu sabab markazning Toshkentdagi filiali rahbari barcha hisoblarni muzlatib, klinikani yopgan va Turkiyaga qochib ketgan.

Rahbarlarga bog‘lanib bo‘lmadi

Kun.uz klinika nima uchun to‘satdan yopilib qolgani, embrionlar taqdiri nima bo‘lgani hamda ko‘rsatilmagan tibbiy xizmat haqlari qaytariladimi yoki yo‘q – shularni bilish maqsadida markaz rahbarlariga bog‘lanishga urindi.

Xususan, “Turk-Bukhara ECO markaz” MChJ Instagram sahifasidagi, Statistika agentligidan olingan ma’lumotnomadagi hamda markazning uchinchi ta’sischi va rahbari Do‘nmez Hasanning shaxsiy raqamiga qo‘ng‘iroq qildik.

Saytdagi va Do‘nmez Hasanning raqamlariga bog‘lanib bo‘lmadi, ma’lumotnomada keltirilgan raqam egasi esa manzilda adashib tushganimizni bildirdi. Umuman, markazning Toshkent hamda Buxorodagi egalari bilan telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Klinika kasodga uchragan”

“Turk-Bukhara ECO markaz”ning Toshkentdagi filiali xodimining tahririyatga ma’lum qilishicha, hozirgi kunda nafaqat bemorlarning pullari va embrionlari, balki xodimlarning maoshi ham berilmagan.

15 kishining oyligi berilmagan, endi bu o‘rtacha 5 mln so‘mdan-da. 2 oylik [maoshi berilmagan]. Bemorlar esa 40 mln [so‘mdan ortiq] to‘lov qilishgan. Xodimlar prokuraturaga ham murojaat qildi. Klinika rahbarlariga murojaat qilganimizda bir-biriga tashlashyapti, “u to‘lasin, bu to‘lasin” deb. Shu sabab prokuraturaga yozdikki, davlatning o‘zi hal qilsin. Kim yegan bo‘lsa, o‘shandan to‘lattirsin deb.

3 nafar ta’sischi ochgan bu klinikani, bittasi ketib yuborgani hisobiga qolgan ikkitasi bo‘ynidan olib tashlayapti: "men yemaganman" deb. Yemagan bo‘lolmaydi, u hissador bo‘lgani uchun klinika foyda qilgan vaqtda u foydasini olgan. Klinika zararga tushgan vaqti qochishyapti”, – dedi sobiq xodim.

Klinika haqiqatan ham kasodga uchragani yoki yo‘qligini bilish uchun markazning bosh hisobchisi bilan ham bog‘landik, ammo u gapirishni istamadi.

Shundan kelib chiqilsa, hissadorlar o‘rtasida haqiqatan ham kelishmovchilik yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz markazga oid ma’lumotlar, unga berilgan litsenziya haqida ma’lumot olish uchun SSV va Toshkent shahar prokuraturasiga so‘rov yubordi.

Mavzuga oid